Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oliy Majlis Senati 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisda “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Hujjat nooziq-ovqat mahsulotlari bozorga chiqarilgandan keyin ularning xavfsizligini nazorat qilishning yagona qoidalarini joriy etadi, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilarning javobgarligini, shuningdek, xavfli mahsulotlarni muomaladan chiqarish va qaytarib olish tartibini belgilaydi.

Senator Erkin Gadoyev ta’kidlaganidek, amaldagi texnik jihatdan tartibga solish tizimi barcha nooziq-ovqat mahsulotlarini to‘liq qamrab olish va ularning xavfsizligini baholash imkonini bermas edi. Bugungi kunda nazorat obyekti mahsulotning o‘zi emas, balki tadbirkor hisoblanadi. Tekshiruvchi organlar rafdagi tovarni tadqiq qilish o‘rniga, biznes vakilining huzuriga tekshiruv bilan bormoqda.

Qonunning asosiy yangiligi — xalqaro Market Surveillance (Bozor nazorati) tamoyilining joriy etilishi. Bu pre-market (bozorga chiqqunga qadar tekshirish) modelidan post-market (allaqachon sotuvda bo‘lgan mahsulotlarni monitoring qilish) modeliga o‘tishni anglatadi. Ma’ruzachi bozor nazoratining joriy etilishi biznes ustidan qo‘shimcha nazorat paydo bo‘lishini anglatmasligini alohida ta’kidladi. Qonun, aksincha, takroriy tekshiruvlar va tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish uchun davlat organlarining vakolatlarini chegaralashi hamda ularning har biri qaysi mahsulot guruhlari uchun javob berishini mustahkamlab qo‘yishi kerak.

Qonunchilik palatasidagi aprel oyida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ta’kidlanganidek, yangi tizimda nazorat tadbirkor ustidan emas, balki mahsulot ustidan o‘rnatiladi. Davlat organlari e’tibor markazida faqatgina nooziq-ovqat mahsulotlari bo‘ladi. Qonunning amal qilishi quyidagilarga tatbiq etilmaydi: (keyingi matnda ko‘rsatilgan istisnolar).

Asosiy yangiliklardan biri — qonunchilikda “iqtisodiy operator” tushunchasining paydo bo‘lishi. U mahsulotni ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi va sotuvchini o‘z ichiga oladi. Shu tariqa, agar bozorda xavfsiz bo‘lmagan yoki talablarga javob bermaydigan tovar aniqlansa, javobgarlik u sotilgan savdo shoxobchasining o‘zi bilan cheklanib qolmaydi. U mahsulotni O‘zbekistonga olib kirgan import qiluvchiga yoki uni ishlab chiqaruvchiga ham tatbiq etilishi mumkin.

Majlisda ta’kidlanganidek, bunday yondashuv tovarning harakatlanish zanjiri bo‘ylab — ishlab chiqarish yoki import qilishdan tortib, yakuniy xaridorga realizatsiya qilishgacha bo‘lgan sepochkada javobgarlikni ta’minlashi kerak. Bozor nazoratining o‘zi mahsulot muomalaga chiqarilgandan so‘ng uning xavfsizligini ta’minlash hamda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga, jismoniy va yuridik shaxslarning, davlatning va atrof-muhitning manfaatlariga zarar yetkazilishining oldini olish uchun o‘tkaziladigan tadbirlar majmui sifatida belgilanadi.

Nazorat ommaviy tekshiruvlar va tadbirkorlarni jazolashga emas, balki xavflarni baholashga asoslanadi, dedi u. Bozor nazorati organlari nazorat xaridlari, ekspertizalar va tovarlarni sinovdan o‘tkazishni amalga oshirishi, aniqlangan nomuvofiqlik sabablarini o‘rganish uchun joyiga chiqishi, monitoring olib borishi va majburiy talablarga javob bermaydigan mahsulotlarga nisbatan choralar qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Agar tovar jiddiy xavf tug‘dirsa yoki belgilangan talablarga javob bermasa, uni muomalaga chiqarish to‘xtatib turilishi mumkin. Qonunda, shuningdek, mahsulotni qaytarib olish, uni bozordan chiqarib tashlash yoki undan foydalanish va realizatsiya qilishni cheklash ham nazarda tutilgan.

Qonunda bojxona organlarining ishtiroki alohida belgilab qo‘yilmoqda. Agar bojxona nazorati va xavfni boshqarish tizimini qo‘llash natijalariga ko‘ra tovarning majburiy talablarga javob bermasligini taxmin qilishga yetarli asoslar paydo bo‘lsa, bojxona uni erkin muomalaga chiqarishni to‘xtatib turishi mumkin. Shundan so‘ng tegishli bojxona yoki bozor nazorati organi uch ish kuni ichida tovarni o‘rganib chiqishi kerak. Zarurat tug‘ilganda, uning mutaxassislari joyiga chiqib, namunalar olishi va ularni ekspertiza yoki sinovlarga yuborishi mumkin.

Agar qoidabuzarliklar tasdiqlansa, mahsulotga nisbatan qonunda nazarda tutilgan cheklovlar qo‘llanilishi mumkin. Muhokama davomida senatorlar nazorat xaridlarini amalga oshirishda suiste’molliklarning oldini olish masalasini ko‘tarib chiqdi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov ma’lum qilishicha, bunday xaridlar belgilangan xavf-xatar mezonlari asosida o‘tkazilishi kerak. Jarayonda videotasvirga olish, zarur hollarda esa guvohlar ishtiroki nazarda tutilgan. Majlisda ta’kidlanganidek, ushbu mexanizmlar tekshiruvlarni o‘tkazishda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishi lozim.

Shu bilan birga, tadbirkorlar bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish, ularga taalluqli hujjatlar bilan tanishish, tekshiruvchilarning harakatlarini audio va videoga olish, shuningdek, ularning qarorlari va harakatlari ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Nazorat organlarining mansabdor shaxslari, o‘z navbatida, o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, shuningdek, noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi uchun javobgar bo‘ladi.

Lazizbek Saidoripov, shuningdek, Yevropaning Safety Gate tizimiga o‘xshash xavfli mahsulotlarning raqamli ro‘yxatini (black list) shakllantirish haqida ham gapirib o‘tdi. Qonunda, shuningdek, Bozor nazorati milliy axborot tizimini tashkil etish nazarda tutilgan.

Majlisda ma’lum qilinishicha, unda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari, aniqlangan qoidabuzarliklar, qabul qilingan qarorlar va ular ustidan qilingan shikoyatlar natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish rejalashtirilmoqda. Tizimni ishga tushirish uchun hukumatning tegishli qarori loyihasi allaqachon tayyorlab qo‘yilgan.

Muhokama davomida xorijiy tezkor xabardor qilish tizimlariga o‘xshash xavfli mahsulotlarning elektron bazasini yaratish haqida ham so‘z bordi. U davlat organlari va iste’molchilarga xavfli deb topilgan yoki bozordan qaytarib olingan tovarlar haqida ma’lumot olish imkonini berishi kerak.

Bozor nazorati mexanizmlarining amal qilishi masofaviy tarzda, shu jumladan elektron tijorat orqali sotilayotgan tovarlarga ham tatbiq etiladi. Senatorlar, shuningdek, mahsulot qaytarib olingan taqdirda xaridorlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibiga aniqlik kiritdi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari ma’lum qilishicha, amaldagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik mahsulotni qaytarib olish bilan bog‘liq zararni ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘liq qoplanishini nazarda tutadi. Agar aniq iste’molchilarni aniqlashning imkoni bo‘lmasa, tegishli mablag‘larni keyinchalik tasarruf etish tartibi amaldagi qonunchilik me’yorlari bilan belgilanadi.

Yangi qonun foydasiga keltirilgan dalillardan biri O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorgarligi bilan bog‘liq. Ma’ruzada ta’kidlanganidek, zamonaviy bozor nazorati tizimi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun zarurdir. Yangi qoidalar halol ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarni kontrafakt hamda sifatsiz tovarlarni realizatsiya qiluvchi raqobatchilardan himoya qilish imkonini berishi kutilmoqda.

Fevral oyida prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mahsulotni baholashda korxonalar faoliyatini tekshirish bo‘yicha amaldagi amaliyot biznesning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Qoidabuzarliklar aniqlanganda tekshiruvchilar ko‘pincha muayyan tovar partiyasi muomalasini emas, balki butun korxona faoliyatini bloklab qo‘ymoqda. Rivojlangan mamlakatlarda xavf-xatarlarni tahlil qilishga asoslangan bozor nazorati tizimi qo‘llaniladi. Ishlab chiqaruvchining o‘zi tovarning standartlarga muvofiqligini deklaratsiya qiladi va uning sifati hamda xavfsizligi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Ba’zi tadbirkorlar sertifikatlashtirish va mahsulotni baholash sohasida bozor nazoratiga o‘tishni qo‘llab-quvvatladilar. Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi va Savdo va xizmat ko‘rsatish assotsiatsiyasi raisi Zafar Hoshimov rejalashtirilayotgan islohotni ahamiyati jihatidan valyuta konvertatsiyasi ochilishi bilan qiyosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sanoatni modernizatsiya qilishning poydevori va haqiqiy bozor iqtisodiyoti sari tashlangan qadam bo‘ladi.

Source: www.gazeta.uz