O‘zbekistonda aksiya va obligatsiyalardan olinadigan daromadlar bo‘yicha investorlar uchun soliq imtiyozlarini 2038-yilgacha uzaytirish taklif qilinmoqda. Bu haqda 12-avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) boshqarma boshlig‘i Saulat Toreshov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, soliq rag‘batlarini ham an’anaviy instrumentlar, aksiya va obligatsiyalarga, ham bozor uchun yangi bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar, xususan, sukuk va sekyuritizatsiya qilingan obligatsiyalarga tatbiq etish rejalashtirilmoqda. ILMA vakili amaldagi soliq imtiyozlari 2028-yilgacha mo‘ljallanganini eslatib o‘tdi va ularni yana 10 yilga uzaytirishni taklif qilmoqda.
Xususan, 2038-yilgacha jismoniy va yuridik shaxslarni — O‘zbekiston rezidentlarini ham, norezidentlarini ham — xo‘jalik jamiyatlarining obligatsiyalari (shu jumladan, xorijiy valyutada nominallashtirilgan) bo‘yicha foizli daromadlar va ijobiy kurs farqidan olinadigan JSHDS hamda foyda solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda. Xuddi shunday imtiyoz sukuk qimmatli qog‘ozlaridan olinadigan daromadlarga ham tatbiq etilishi kerak.
Jismoniy shaxslar, rezident va norezidentlarni aksiyalar bo‘yicha dividendlardan olinadigan JSHDSdan ozod qilish bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni ham 2038-yil oxirigacha uzaytirish taklif etilmoqda. Hozirda ushbu imtiyoz 2028-yil 31-dekabrgacha amal qiladi. Yuridik shaxslar — norezidentlar uchun aksiyalardan olinadigan dividendlar bo‘yicha foyda solig‘ining 5% miqdoridagi imtiyozli stavkasini (ya'ni mahalliy kompaniyalar uchun amal qilayotgan darajada) xuddi shu muddatga saqlab qolish rejalashtirilmoqda.
ILMA uzoq muddatli soliq imtiyozlarini fond bozoriga institutsional va xususiy investorlarni jalb qilish vositalaridan biri deb hisoblaydi. “Jahon tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, xalqaro amaliyot soliq imtiyozlari kapital bozorini rivojlantirishning eng samarali vositalaridan biri sifatida tan olinganini ko‘rsatadi va aynan shunday yondashuv tufayli ko‘plab mamlakatlar qisqa muddatda o‘z fond bozorlarini sezilarli darajada rivojlantirishga erishdi”, — dedi Saulat Toreshov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, imtiyozlarning 2038-yilgacha mustahkamlab qo‘yilishi kapital bozori instrumentlarining jozibadorligini oshirishi hamda investitsion qarorlar qabul qilishda kattaroq barqarorlikni ta’minlashi kerak. ILMA taqdimotiga ko‘ra, taklif etilayotgan chora-tadbirlar majmui O‘zbekiston fond bozoridagi investitsiyalar hajmining o‘sishiga xizmat qilishi lozim. 2026-yilda ushbu ko‘rsatkich 10 trln so‘m darajasida prognoz qilinmoqda, 2030-yilga borib esa uni 20 trln so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihada kapital bozori ishtirokchilari uchun boshqa bir qator soliq imtiyozlari ham nazarda tutilgan. Xususan, investitsiya fondlarini dividend solig‘idan, emitent-bank va maxsus moliyaviy kompaniya (SPV) o‘rtasidagi qoplanuvchi aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni esa soliqqa tortishdan ozod qilish taklif etilmoqda. Norezidentlarning omnibus-hisoblar orqali amalga oshiradigan operatsiyalarida, agar qimmatli qog‘ozlarning haqiqiy egasi o‘zgarmasa, soliq majburiyatlari yuzaga kelmasligi kerak.
Bundan tashqari, islom qimmatli qog‘ozlarini chiqarish uchun sukuk originatorlari va SPV’ni bunday bitimlar doirasida mulk, tovar va xizmatlarni topshirishda aylanmadan olinadigan soliqdan to‘liq ozod qilish taklif etilmoqda. ILMAda soliq rag‘batlari va yangi moliyaviy instrumentlar majmui investorlar doirasini kengaytirish hamda kapital bozori orqali uzoq muddatli moliyalashtirish hajmini oshirish imkonini berishiga umid qilinmoqda.
Source: www.gazeta.uz