O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga uch kunlik davlat tashrifi doirasida Seoul aviabazasiga yetib keldi. Bu tashrif O'zbekiston va Janubiy Koreya o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Aviabazada Prezident sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va artilleriya salyuti berildi. Shavkat Mirziyoyevni Janubiy Koreya Bosh vaziri o'rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol hamda boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Shuningdek, Prezidentni Koreyada ishlab va o'qib yurgan vatandoshlarimiz iliq kutib olishdi. Shavkat Mirziyoyev ular bilan suhbatlashib, o'qish, ish va kelajak rejalari bilan qiziqdi. Uchrashuvda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, vatandoshlarning rejalari va davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar muhokama qilindi.
Prezident ularga muvaffaqiyatlar tilab, Koreyada olingan zamonaviy bilim, ko'nikma va tajriba O'zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uch kunlik tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o'tkazadi, Milliy Assambleya spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, yirik koreys kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, davlat rahbari O'zbekiston-Koreya biznes-forumining ochilishida nutq so'zlaydi. 16 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev "Markaziy Osiyo — Janubiy Koreya" birinchi sammiti tadbirlarida ishtirok etadi.
Tashrifning siyosiy va iqtisodiy dasturi bilan bir qatorda Seul va mamlakatning boshqa shaharlarida O'zbekiston madaniyati kunlari o'tkaziladi.
Source: uznews.uz