Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan foizsiz kredit va’da qilib, yuzlab fuqarolarning yirik miqdordagi mablag‘larini o‘zlashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolari internetda foizsiz yoki imtiyozli shartlarda kredit olib berishni va’da qilib soxta e’lonlar joylashtirgan. Qiziqish bildirgan fuqarolar oldindan ijaraga olingan hashamatli ofislarga taklif qilingan.

“Sizning nomingizga 100 mln so‘m kredit olib beramiz. Uning 50 mln so‘mi sizga beriladi, qolgan 50 mln so‘mi esa kompaniyada qoladi. Kreditning oylik to‘lovlarini esa o‘zimiz to‘lab boramiz, sizga hech qanday muammo bo‘lmaydi”, — deya fuqarolarga va’da berilgan.

Oqibatda guruh a’zolari 400 dan ortiq fuqaroning telefoni orqali ular nomiga kredit rasmiylashtirib, ajratilgan pullarning teng yarmini — umumiy hisobda 17 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni olib qo‘yishgan. Vaqt o‘tgach, fuqarolarga bank tomonidan qarzdorlikni yopish bo‘yicha talabnomalar kela boshlagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoiy guruhning 6 nafar a’zosi gumonlanuvchi tariqasida qamoqqa olingan.

IIBB fuqarolarni internetdagi “foizsiz kredit”, “juda kam foizli kredit”, “hujjatsiz kredit” kabi shubhali va soxta kredit takliflariga ishonmaslikka hamda ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Source: www.gazeta.uz