Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda uy-joyni bevosita quruvchidan muddatli to‘lovga sotib olish 2027-yil 1-yanvardan taqiqlanmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi qarori (PQ-294) yuzasidan paydo bo‘lgan talqinlarga munosabat bildirib xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan e’tiboran tegishli xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar — muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari faoliyati tartibga solinadi. Qarorning 3-bandi “d” kichik bandida ko‘chmas mulk operator tomonidan ko‘rsatiladigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Adliya vazirligining tushuntirishicha, bu vositachi-operatorga bo‘lib to‘lash xizmati doirasida xaridorga uy-joy sotib olish yoki taqdim etishni taqiqlashni anglatadi. Bunda ushbu cheklov quruvchi tomonidan o‘zi qurgan uy-joyni xaridorga bo‘lib to‘lash sharti bilan bevosita sotish holatiga tatbiq etilmaydi.

Idora aniqlik kiritishicha, qarorning 3-bandi “a” kichik bandi sotuvchi tomonidan iste’molchiga o‘zining tovari, ishi yoki xizmatini bosqichma-bosqich to‘lash sharti bilan bevosita realizatsiya qilish holatlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmati tushunchasidan mustasno etadi.

Markaziy bank Gazeta so‘roviga javoban qaror uy-joyni muddatli to‘lov sharti bilan sotishni taqiqlamasligini tasdiqladi. Regulyator ko‘chmas mulk haqiqatan ham bo‘lib to‘lash operatori tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat obyekti bo‘la olmasligini ta’kidladi. Biroq sotuvchi tomonidan o‘z tovari, ishi yoki xizmatini iste’molchiga bevosita bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish qaror mazmunidagi bo‘lib to‘lash xizmatlariga kirmaydi.

“Shu sababli, quruvchi o‘zi qurgan uy-joyni xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ulushli qurilish doirasidagi investitsiya shartnomalari ham, agar munosabat quruvchi va xaridor o‘rtasida bevosita amalga oshirilayotgan bo‘lsa, mazkur qaror bilan tartibga solinadigan muddatli to‘lov operatori faoliyatiga kirmaydi”, — deya xabar berdi Markaziy bank.

Ushbu talablar barcha sotuvchilarga tegishli emas. Markaziy bank qaror talablari barcha savdo tashkilotlari va xizmat ko‘rsatish kompaniyalariga avtomatik ravishda tatbiq etilmasligini alohida aniqlashtirdi. Ular, eng avvalo, bo‘lib to‘lash xizmatlarini katta hajmda ko‘rsatuvchi tashkilotlarga tegishli.

Qarorning 3-bandi “k” kichik bandiga ko‘ra, agar chorak yakunlari bo‘yicha tovar, ish va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum 500 mln so‘mdan oshsa hamda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatlarining ulushi ushbu tushumning 50 foizi va undan yuqorisini tashkil etsa, tovar iste’mol kreditini taqdim etuvchi tashkilotlar Markaziy bankda hisob-ruyxatdan o‘tishi va tegishli reyestrga kiritilishi shart.

Reyestrga kiritilgan tashkilotlarga bo‘lib to‘lash xizmatlari operatorlari uchun nazarda tutilgan tegishli talablar tatbiq etiladi. MB avtomobillar sotuvini misol tariqasida keltirdi.

“Shu sababli, masalan, avtomobil sotilishi faktining o‘zi mazkur talablar avtomatik ravishda ularga ham tatbiq etilishini anglatmaydi. Bunda tashkilotning faoliyat modeli, bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatini ko‘rsatishi hamda qarorda belgilangan mezonlarga mos kelishi hisobga olinadi”, — deya qayd etdi MB.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, qaror talablari uy-joy sotib olishda bo‘lib-bo‘lib to‘lashni to‘liq taqiqlashga emas, balki vositachi sifatida bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

Source: www.gazeta.uz