“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ichki va tashqi migratsiyaning demografik jarayonlarga hamda oila institutiga uzoq muddatli ta’sirini baholash bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot doirasida mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichlarining uzoq muddatli prognozi ishlab chiqildi va uning natijalari e’lon qilindi.
Prognoz natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda yillik tug‘ilishlar soni kelajakda barqaror o‘sishda davom etadi. Xususan, 2050-yilga borib tug‘ilishlar soni 2025-yilga nisbatan 354,5 ming kishiga yoki 40,3 foizga ko‘payishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich mamlakat aholisining yosh tarkibi va migratsiya jarayonlarining ta’sirini hisobga olgan holda shakllantirilgan.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Andijon viloyatlarida kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Bu hududlarda tug‘ilish koeffitsiyenti respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti (har 1000 aholiga nisbatan tug‘ilganlar soni) bo‘yicha o‘rta muddatda biroz pasayish, kelajakda esa barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatilishi taxmin qilinmoqda. Respublika bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2030-yilda 21,2 promilleni, 2040-yilda 20,8 promilleni, 2050-yilga kelib esa 21,9 promilleni tashkil etishi prognoz qilingan.
Institut ekspertlarining ta’kidlashicha, tug‘ilishlar sonining kutilayotgan o‘sishi kelgusi yillarda ta’lim, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, uy-joy va mehnat bozori infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojning ortishini anglatadi. Shu sababli demografik o‘zgarishlarni oldindan baholash davlat resurslarini samarali taqsimlash va inson kapitaliga investitsiyalarni strategik rejalashtirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi choragida tirik tug‘ilganlar soni 191,1 ming nafarni tashkil etgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 7 ming nafarga kam. Vafot etganlar soni esa 43,5 ming kishini tashkil qilib, o‘tgan yilgiga nisbatan 2,1 ming nafarga ko‘paygan. Bu tendensiya 2023-yildan buyon davom etmoqda.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga (ro‘yxatga olish natijalarisiz) O‘zbekiston aholisi 38 mln 519,5 ming kishiga yetdi. Bir yilda aholi 659,8 ming nafarga ko‘paygan bo‘lsa-da, o‘sish sur’ati 2 foizdan 1,7 foizgacha tushib, demografik o‘sish sekinlashayotganini ko‘rsatgan.
Source: www.gazeta.uz