O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari, o‘qituvchilari va murabbiylarini Bilimlar kuni bilan samimiy tabrikladi. Yangi o‘quv yili 2-sentabrdan boshlanadi va mamlakat bo‘ylab ta’lim muassasalarida tantanali tadbirlar o‘tkaziladi.
Bu yil 800 mingga yaqin o‘g‘il-qiz ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yadi. Davlat rahbari ularni “bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimiz” deb atadi va ularning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.
Prezident yangi o‘quv yili mamlakatning butun ta’lim tizimida “ma’rifiy yuksalish yili” bo‘lishini tiladi. U maktablar, litseylar, texnikumlar va oliy o‘quv yurtlarini qamrab olgan ta’lim sohasida sifatni oshirish va yoshlarni har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishini qayd etdi.
“Uchinchi Uyg‘onish nihollari” deb atalgan yoshlarni tarbiyalash muqaddas vazifa ekanini aytgan Mirziyoyev, hukumat ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berishini ta’kidladi. “Maktab bag‘ridan katta hayotga yo‘llanma oladigan farzandlarimiz puxta bilim bilan birga, albatta kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallab chiqishi uchun barcha sharoitlarni yaratamiz”, — dedi u.
Shuningdek, hududlarda “Kasblar shaharchalari”ni yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yerda zamonaviy tajriba va ilg‘or mutaxassislar jalb etiladi. Bu tashabbus yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan.
Prezident yoshlarga murojaatida: “Aziz farzandlarim, sizlarga baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yo‘llaringizda paydo bo‘ladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilimdir”, — deb ta’kidladi.
U yoshlarni go‘zal yoshlikning har bir daqiqasini qadrlashga, yangi ilm, g‘oya va innovatsiyalarni, kasb va hunarlarni, ona tilini, boy tarix va madaniyat asoslarini puxta egallashga chaqirdi. Shuningdek, jahon tarixi va xorijiy tillarni o‘rganish, izlanish va harakatdan to‘xtamaslik kerakligini uqtirdi.
“Ajdodlarimizdan meros bo‘lgan tabarruk zaminimizni butun qalbingiz, yuragingiz bilan seving, xalqimiz va Vatanimizga cheksiz sadoqat tuyg‘ulari bilan yashang!”, — deya tilak bildirdi davlat rahbari.
Source: www.gazeta.uz