Toshkent shahrida xorij fuqarolariga noqonuniy ravishda O‘zbekistonga kirish vizalarini tayyorlab berishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Qayd etilishicha, Toshkentda yashovchi 41 yoshli fuqaro 3 nafar chet ellikka tanishlari orqali kirish vizalarini rasmiylashtirib berish evaziga 31 200 dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Surishtiruvlar davomida ushbu shaxs pulning 4200 dollarini o‘ziga olib, qolgan 27 ming dollarini 66 yoshli boshqa bir fuqaroga berishi kerakligi aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida ikkinchi shaxs ham 27 ming dollarni olayotgan paytida qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz