7-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiariq tumani (Xorazm viloyati) sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan fuqaro Z.Yu.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatiga ko‘ra, Z.Yu. Rossiya tarkibidagi Boshqirdiston Respublikasining Ufa shahrida mavsumiy ishlab yurgan vaqtida muqaddam bezorilik bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar sodir etgani uchun 2025-yil may oyida ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Shundan so‘ng u jinoiy javobgarlikdan qutulib qolish, shuningdek, moddiy va boshqa manfaatlarini ko‘zlagan holda Rossiya Qurolli kuchlari safiga shartnoma asosida yollanish va Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etishni rejalashtirgan. 2025-yil iyul oyida Ufa shahrida Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism bilan shartnoma tuzib, harbiy xizmatga yollangan. Unga Ukrainadagi "maxsus harbiy operatsiya"da ishtirok etish uchun jangovar avtomat, o‘q-dorilar va himoya vositalari berilgan.
Z.Yu. Ukrainadagi Donetsk viloyatining Mariupol shahriga borib, u yerda harbiy-jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. Unga jangovar avtomat, granata, granatomyot, pistolet va boshqa qurollardan foydalanish, jangovar o‘q otish, granata uloqtirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi ko‘nikmalar o‘rgatilgan. U 2025-yil avgustidan 2026-yil yanvarigacha Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism tarkibida urushda ishtirok etgan.
Sudda Z.Yu. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, 2025-yil 30-may kuni Qozon shahriga ketayotganda Rossiya politsiyasi tomonidan to‘xtatilgan va hujjatlari tekshirilganda 2014-yilda mayda bezorilik qilgani aniqlanib, politsiya bo‘limiga olib ketilgan. "Uch hafta kamerada saqlashdi, keyin harbiy qismga olib ketishdi", degan u. U va boshqa shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, poyezdda Rostov va Sevastopolga jo‘natilgan.
Z.Yu.ning so‘zlariga ko‘ra, harbiy qismda ularga kaska, bronejilet, AK-12 avtomati va o‘q-dorilar berilgan. "U yerda kuniga 18 soat harbiy mashg‘ulot va jangovar tayyorgarlikdan o‘tdik. Harbiy mashg‘ulot og‘ir bo‘lganligi sababli, unga bardosh bera olmaganlar o‘zlarini otib tashladi", degan sudlanuvchi. Taxminan uch haftadan keyin ular brigadalarga bo‘lingan va Mariupolga yuborilgan.
Mariupolda ular ikki hafta harbiy o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tib, keyin Maliyevka qishlog‘i yaqinidagi uylarning yerto‘lalariga joylashtirilgan. Z.Yu.ning aytishicha, ular AK-74 avtomati, 16 ta to‘liq o‘qlangan magazin, kaska va bronejilet bilan qurollangan. Maliyevka egallangani munosabati bilan bayram o‘tkazilgan va unga "Za shturm" medali berilgan. Keyin uni 155-sonli brigadaga yuborishgan va u yerda dron uchirishni o‘rgangan.
Z.Yu. Sofiyevka shaharchasi uchun bo‘lgan janglarda qatnashib, tungi vaqtda "Mavik 3T" dronini boshqargan. U dushmanning bitta FPV-dronini otib tushirganini va "Baba Yaga" nomli dronni urib tushirishda ishtirok etganini aytgan. Shundan so‘ng unga "Za razvedku" medali berilgan. U har oy 200 ming rubl maosh olganini, biroq 100 ming rublini komandirlari olib qolganini, 50 ming rubl esa materiallar va benzinga sarflanganini aytgan.
2026-yil yanvar oyida unga ikki hafta ta’til va Rossiyadan chiqib ketish uchun ruxsat berilgan. Unga 1,5 mln rubl va Ufada bir gektar yer ajratilishi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma berilgan. Z.Yu. Sochidan Ufaga uchib, u yerda tanishlari yordamida Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan. 2026-yil fevral oyida akasi bilan janjallashib, profilaktika inspektoriga Ukrainada urushda qatnashganini o‘zi aytgan.
Sud Z.Yu.ni O‘zbekiston Respublikasi JKning 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga JKning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi. JKning 223-moddasi 2-qismi "b, v" bandlari bo‘yicha esa Z.Yu. oqlandi, chunki uning harakatlarida jinoyat tarkibi topilmadi.
Source: www.gazeta.uz