Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi jarayoni hamda AES xodimlari va ularning oilalari uchun mo‘ljallangan yo‘ldosh shahar loyihasi bilan tanishdi. Bu loyiha O‘zbekiston energetika mustaqilligini ta’minlash yo‘lidagi eng yirik qadam sifatida baholanmoqda.

AES loyihasining faol qurilish bosqichi 4-iyun kuni boshlangan. Hozirga qadar reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari to‘liq yakunlanib, 1 million kub metrdan ortiq tuproq olib chiqilgan. Poydevor plitasi qismiga 916 kub metr beton yotqizilgan. Qurilish-montaj bazasida esa 100 gektar maydonda yer ishlari bajarilgan. Ayni paytda qurilish maydonida 450 nafar kishi mehnat qilmoqda, 100 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 9,5 milliard dollarga baholanmoqda. Qurilish jarayonida qariyb 3 ming turdagi mahsulot va uskunalardan foydalanish rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi. Prezident bu ko‘rsatkichni yetarli emas deb baholadi.

Shavkat Mirziyoyev mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini mahalliy korxonalar tomonidan bajarish hamda loyihaga 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb qilish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun Forish tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 200 gektarlik sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi. Uning hududida kamida 100 ta qo‘shma korxona joylashtirilib, texnologiyalar transferi hisobiga 15 ta yo‘nalishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.

Prezident taklifni ma’qullab, yil yakuniga qadar sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlari berish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishni topshirdi. AESning tashqi muhandislik infratuzilmasi uchun 388 km elektr tarmoqlari, 110 kV kuchlanishli podstansiya, 21 km ichimlik suvi va 120 km texnik suv quvurlari, shuningdek, 39,5 km avtomobil va 11 km temir yo‘l qurish rejalashtirilgan. Prezident ushbu obyektlarni qurishda mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60−70 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Shuningdek, 200 gektar maydonda atom energetikasi xodimlari uchun shaharcha qurish loyihasi ko‘rib chiqildi. Unda qariyb 33 ming aholi uchun 10 mingga yaqin xonadon barpo etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 3 mingta xonadon quriladi. Loyiha doirasida energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar, maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish maskanlari hamda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishda zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi texnologiyalari, muqobil energiya manbalari va “aqlli” yoritish tizimlaridan foydalanish rejalashtirilgan.

Taqdimotda ma’lum qilinishicha, 22−26-iyun kunlari O‘zbekistonda MAGATEning kompleks baholash missiyasi o‘tkazilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, missiya yakunlari bo‘yicha mamlakat milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish darajasi yuqori baholangan. Prezident qurilish sifati va xavfsizligi ustuvor vazifa bo‘lib qolishi, barcha ishlar MAGATE talablari va xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirilishi zarurligini ta’kidladi.

Texnik nazorat va texnologik yechimlarni mustaqil ekspertizadan o‘tkazishni kuchaytirish maqsadida yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, 1000 ga yaqin sohaviy standartni milliy tizimga moslashtirish va joriy etish rejalashtirilgan. Prezident kelgusida AESni boshqaradigan operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni hozirdan maqsadli tayyorlash vazifasini qo‘ydi.

2023-yildan buyon Rossiya Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialini 216 nafar talaba tamomlagan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Janubiy Koreyaning yetakchi oliygohlarida magistratura va aspiranturada tahsilni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis O‘zbekistondagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda.

17-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha “katta tayyorgarlik” ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. Uning qayerda qurilishi, quvvati va amalga oshirish muddatlari hozircha ochiqlanmagan.

Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan integratsiyalashgan AES to‘rtta energoblokdan iborat bo‘ladi: har biri 1 GVt quvvatga ega VVER-1000 reaktorli ikkita blok va har biri 55 MVt quvvatli RITM-200N kichik modulli ikkita reaktor. Stansiyaning umumiy quvvati 2110 MVt, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 17 mlrd kVt·soatgacha bo‘lishi kutilmoqda.

Birinchi kichik modulli reaktorni texnik ishga tushirish 2029-yil oktabr-noyabr oylariga, ikkinchisini esa undan olti oy o‘tib ishga tushirish rejalashtirilgan. Birinchi yirik energoblok 2033-yilda ishga tushirilishi, loyiha esa 2034−2035-yillarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda. Loyihaning bazaviy qiymati avval ham 9,5 mlrd dollardan oshmasligi ma’lum qilingan edi. Moliyalashtirishning asosiy qismini kredit mablag‘lari, jumladan, Rossiyaning imtiyozli eksport krediti hisobidan jalb qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Rosatom” AESni yadroviy yoqilg‘i bilan ta’minlashi, stansiyaga xizmat ko‘rsatishi hamda ishlatilgan yadroviy materiallar bilan ishlashni amalga oshirishi kerak.

Source: www.gazeta.uz