O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Vazirlar Kengashi raisi Jorja Meloniga maktub yo‘llab, uni ushbu lavozimda eng uzoq muddat faoliyat yuritgan hukumat rahbari sifatida tarixga kirgani bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Maktubda O‘zbekiston rahbari hozirgi murakkab xalqaro sharoitda Italiya milliy manfaatlarini himoya qilish hamda mamlakatning Yevropa Ittifoqi va jahon maydonidagi nufuzini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni alohida e’tirof etgan. Shuningdek, u Italiya hukumat rahbariga O‘zbekistonga bo‘lgan do‘stona munosabati va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirgan.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, maktubda O‘zbekiston Italiya bilan o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashi ta’kidlangan. Bugungi kunda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar tobora sermazmun tus olib, ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloni bilan oxirgi marta shu yilning yanvar oyida uning Toshkentda to‘xtab o‘tganida ko‘rishgan edi. Meloni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga 2025-yilning may oyida kelgan.
Jorja Meloni 2022-yil 22-oktabrda Italiya Vazirlar Kengashi raisi lavozimiga qasamyod keltirgan va mamlakat tarixida ushbu lavozimni egallagan ilk ayol siyosatchiga aylangan. U, shuningdek, 2014-yildan buyon o‘ng markazchi “Italiya birodarlari” partiyasini boshqarib kelmoqda. Hukumatlarning tez-tez almashinishi bilan ajralib turadigan Italiya tarixida uning Vazirlar Kengashi eng uzoq vaqt uzluksiz faoliyat yuritayotgan hukumat sifatida rekord o‘rnatdi.
Meloni o‘zining Instagram sahifasida bu barqarorlik bir kishining xizmati emas, balki umumiy qarashlarga ega bo‘lgan ahil koalitsiyaning natijasi ekanini yozib qoldirdi. “Bu yillar davomida biz bandlikni oshirish, ishsizlikni kamaytirish, oilalar va biznesni qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni mustahkamlash hamda Italiyaning xalqaro maydondagi obro‘sini qaytarish yo‘lida mehnat qildik. Natijalar bor, ammo hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘pligini yaxshi bilamiz”, — deya qayd etgan u. Jorja Meloni ushbu barqarorlik 2022-yilda ularga ishonch bildirgan italiyaliklar tufayli mavjudligini hamda oldinda vazminlik va kelajakka ishonchli nigoh bilan mehnatni davom ettirishlarini qo‘shimcha qilgan.
Source: www.gazeta.uz