2025-yilda O‘zbekiston Markaziy bankining ichki valyuta bozorida sterilizatsiya operatsiyalari hajmi 12 foizgacha pasaydi. MB raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov 26-fevral kuni o‘tkazilgan ochiq muloqotda bu haqda ma’lumot berdi.
Achilovning aytishicha, regulyatorning kurs shakllanishiga ta’siri izchil pasaymoqda. "Operatsiyalarimizning ulushi borgan sari pasayyapti. Chunki bozorning o‘sish sur’ati operatsiyalarimiz o‘sish sur’atlaridan yuqori shakllanyapti. Biz iqtisodiyotga pul kiritishimiz kerak bo‘lgan operatsiyalar hajmi bozor umumiy hajmining 12 foizini tashkil qildi. O‘tgan yillarda bu ko‘rsatkich 16−19 foizni tashkil qilgan", dedi u.
2025-yilda ichki valyuta bozorida valyuta taklifi 2024-yilga nisbatan 30 foizga oshgan, talab esa 25 foizga o‘sgan. Jismoniy shaxslar tomonidan valyuta sotuvlari muhim rol o‘ynadi. Valyuta oqimi 30 foizga oshdi, pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga 18,9 mlrd dollar kirib keldi.
MB 2026-yilda o‘z operatsiyalarining bozordagi ulushi yanada kamayishini kutmoqda. "Markaziy bank kursni belgilovchi instrument yoki institut emas. Bozorda kursni belgilovchi institut — bu yuridik va jismoniy shaxslar, dillerlar, tijorat banklari", dedi Achilov.
Source: www.gazeta.uz