Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Marg‘ilon shahrida 12−19-sentabr kunlari VII Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali “Atlas bayrami” bo‘lib o‘tadi. Tadbir 2015-yildan buyon o‘tkazilib kelinmoqda va to‘qimachilik hunarmandchiligi an’analarini saqlash, rivojlantirish hamda avloddan-avlodga yetkazish, shuningdek, merosni zamonaviy kreativ industriyalarga integratsiya qilish maydoniga aylangan.

Festivalning asosiy dasturi 17−19-sentabr kunlariga rejalashtirilgan bo‘lib, unda turli mamlakatlardan ustalar, dizaynerlar, to‘qimachilik sohasi mutaxassislari, tadqiqotchilar va madaniyat arboblari ishtirok etadi. Dastlabki kunlarda, ya’ni 12−16-sentabrda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi.

Bu yilgi dastur doirasida “Vodiy gavhari” turistik majmuasi, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi va Marg‘ilon tarixi muzeyida qator ko‘rgazmalar, mahorat darslari, namoyishlar va ishbilarmonlik uchrashuvlari tashkil etiladi.

17-sentabr kuni ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. “Vodiy gavhari” majmuasida innovatsion dizayn bo‘yicha ustozlik dasturi doirasida moda namoyishi ko‘rsatiladi. Ishtirokchilar YUNESKO va Yevropa Ittifoqining an’anaviy texnika va zamonaviy dizayn uyg‘unligini namoyon etuvchi ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihasi natijalarini taqdim etadi.

Shuningdek, 17−18-sentabr kunlari “An’anaviy to‘qimachilik kreativ industriyaning muhim segmenti sifatida” mavzusida konferensiya o‘tkaziladi. Festivalning so‘nggi kunlarida, ya’ni 18−19-sentabrda ham turli tadbirlar, ko‘rgazmalar va uchrashuvlar davom etadi.

Source: www.gazeta.uz