9-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda mahallalar faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishning yangi tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi.
Yangi tizimga ko‘ra, barcha mahallaviy masalalar haftada bir marta bosh vazirning mahallalar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari raisligida yagona yig‘ilishda ko‘rib chiqiladi. Bu, avvalgi tarqoq yig‘ilishlar o‘rnini bosadi va barcha mas’ul rahbarlar ishtirokida markazlashgan holda muhokama qilinadi.
Prezidentning yaqinda imzolagan farmoni bilan O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimi joriy etilgan edi. Ushbu lavozimga G‘ofurjon Mirzayev tayinlandi. U ilgari prezidentning kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlagan.
Mirzayev zimmasiga hokimlar, tuman tashkilotlari, “mahalla yettiligi” va banklar ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha yagona tizim yaratish hamda ular foydalanayotgan elektron platformalarni o‘zaro integratsiya qilish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda har bir mahallada faol fuqarolar va nuroniylar borligi ta’kidlanib, ularni mahalla atrofida jipslashtirish hamda ijtimoiy va bunyodkorlik tashabbuslariga jalb etish taklif qilindi. Prezidentning fikricha, bu boqimondalik kayfiyati va loqaydlikni bartaraf etishga, aholining joylardagi muammolarni hal qilishdagi ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev mahallada ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, davlat siyosatini eng quyi bo‘g‘ingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbai bilan ta’minlash barcha rahbarlarning asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 5-sentabrdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida yangi lavozim kiritilgan va ijro etuvchi apparat xodimlari soni 235 nafar etib belgilangan edi. Shuningdek, 2024-yil yanvaridan buyon Mahallalar uyushmasiga rahbarlik qilgan Qahramon Quranboyevning iste’fosi haqida ham ma’lumotlar tarqalgan, biroq bu qarorning sabablari va uning keyingi ish joyi haqida aniqlik kiritilmagan.
Source: www.gazeta.uz