Toshkentning Olmazor tumanida talabalar shaharchalarini boshqarishning yagona tizimi joriy etiladi. Bu tizim talabalarning o‘qishi, turmushi, bandligi va xavfsizligini qamrab oladi. Mazkur masala poytaxtning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.
Olmazor tumanida bir vaqtning o‘zida 75 ming nafar talaba tahsil oladi. Shu sababli, “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimiyati tizimida ta’lim, tarbiya, bandlik, ijtimoiy ta’minot va talaba qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga mas’ul bo‘lgan shtat birliklari tashkil etiladi.
Tumanda 7 ta oliy ta’lim muassasasining 41 ta yotoqxonasi joylashgan bo‘lib, ularda 18 mingga yaqin yosh istiqomat qiladi. Ularning yashash sharoitlarini yaxshilash, atrof hududlarni obodonlashtirish, yashil zonalar, ochiq kitob-kafelar yaratish va madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazish uchun alohida Direksiya shakllantirilmoqda.
Yig‘ilishda, shuningdek, talabalar shaharchasidagi Vaziyat markazining samarali faoliyati ta’kidlandi. Ushbu markaz talabalarning davomatini, oliy ta’lim muassasalari va yotoqxonalarga kirish-chiqishini onlayn nazorat qiladi.
Joriy yil oxirigacha ushbu onlayn monitoring tizimini Toshkentning qolgan tumanlariga, keyingi yilda esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga joriy etish rejalashtirilgan. Avvalroq Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Olmazor tumanidagi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimiyatida tashkil etilgan vaziyat markazi faoliyati bilan tanishgan edi.
Source: podrobno.uz