Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni Toshkent shahrini rivojlantirish, investitsiyalar, bandlik va mahallalardagi infratuzilma masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda poytaxt tumanlarini ixtisoslashtirish, logistika va biznes markazlarini yaratish, shuningdek, investitsiya oqimini jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, poytaxt tumanlari o‘z salohiyatidan kelib chiqib, aniq iqtisodiy yo‘nalishlarga ixtisoslashishi kerak. Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida Toshkentga keluvchi yuklarni saralaydigan, qadoqlaydigan, taqsimlaydigan va yetkazib beradigan yirik logistika komplekslarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod va Yakasaroy tumanlarini esa biznes va moliya markazlari sifatida rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Hokimiyat bu yerda hajmi 2 milliard dollarlik kapital bozorini shakllantirishni va 20-25 mingta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishni mo‘ljallamoqda.

Olmazor, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ta’lim, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalariga kamida 1 milliard dollar jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu 15-20 mingta ish o‘rni yaratishi kerak. Investitsiyalar bo‘yicha asosiy maqsad — 2026-yilda Toshkentning 12 ta tumaniga 9 milliard dollar investitsiya jalb etish. Biroq prezident bir qator tumanlarning investitsiya jalb qilish rejalaridan ortda qolayotganini keskin tanqid qildi. Jumladan, Bektemir tumanida rejadagi 450 million dollardan atigi 293 million dollar, Yangihayotda — 500 million dollardan 310 million dollar, Uchtepada — 550 million dollardan 335 million dollar, Yunusobodda esa — 1 milliard dollardan 650 million dollar jalb etilgan.

“Ushbu tumanlar hokimlari qolgan qisqa vaqt ichida o‘z va’dalarini qanday bajarishlari haqidagi savolga javob berishlari kerak. Investitsiyalar bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bosh vazir Aripov, islohotlar shtabi — Umurzaqov, Azimov, Butunboyev, Qudbiyev, shuningdek, tumanlarga biriktirilgan respublika darajasidagi rahbarlar hokimlar bilan birgalikda har shanba kuni tumanlardan biriga chiqadi, ertalabdan kechgacha investorlarni qabul qiladi va ularning masalalarini hal qiladi”, — dedi prezident. Investorlarning turli idorama-idora sarson bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning masalalarini bevosita tumanlarning o‘zida hal qilish taklif etildi. Respublika va shahar hokimiyati vakillari har hafta joylarda tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashadi.

Agar masala yuqoriroq darajada hal etishni talab qilsa, takliflar o‘sha kunning o‘zida Prezident administratsiyasiga yuborilishi kerak. Bunday “alohida nazorat ostidagi” tartib yil oxirigacha amal qiladi. “Ushbu tuman bo‘yicha masalalar prezident darajasiga ham olib chiqiladi. Dushanba kunigacha birorta ham hal etilmagan muammo qolmasligi kerak. 1-yanvargacha ushbu tizim bo‘yicha ishlaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Shuningdek, u 2027-yilda Toshkentga 10 milliard dollar investitsiya jalb etish hamda 150-200 mingta doimiy yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha reja tayyorlashni topshirdi.

Source: www.gazeta.uz