Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Serbiyaning Belgrad shahrida 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan EXPO xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston fuqarolari uchun qurilish sohasida 1000 ta ish o‘rni taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligining “Xorijda ish” Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Ko‘rgazma doirasidagi qurilish obyektlari va ishlab chiqarish sohalarida ishlash uchun nomzodlar qabul qilinmoqda. Xususan, elektriklar uchun 500 ta, beton quyuvchilar uchun yana 500 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Elektriklar uchun oylik ish haqi 1000−1500 yevroni tashkil etadi. Nomzodlar 25−45 yoshda, 1−3 yillik ish tajribasiga ega va tegishli malakaga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, razryadga ega bo‘lish talab etiladi.

Beton quyuvchilar uchun ish haqi oyiga 700−1200 yevro etib belgilangan. Bu lavozimga 18−45 yoshdagi, 1−3 yillik ish tajribasiga ega malakali ishchilar qabul qilinadi. Nomzodlar sement markalarini tushunishi va beton vibratsiyasi texnologiyasini bilishi kerak.

Har ikki vakansiya bo‘yicha ish Serbiyaning Belgrad shahrida doimiy asosda tashkil etiladi. Ish vaqti haftasiga 40 soat, 5/2 tartibida bo‘ladi. Ish beruvchi xodimlarni turar joy va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi, ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta taqdim etiladi. Umumiy talablarga ko‘ra, nomzodlar rus yoki ingliz tilini boshlang‘ich yoki muloqot darajasida bilishi va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun sog‘lom bo‘lishi lozim.

Ishga joylashish rasmiy mehnat shartnomasi va tegishli mehnat vizasi asosida amalga oshiriladi. Nomzodning ishga qabul qilinishi uning malakasi, ish tajribasi va ish beruvchi talablaridan kelib chiqib hal etiladi. Qayd etilishicha, oliy ma’lumot va tegishli ish tajribasiga ega qurilish hamda elektr muhandislari uchun ham alohida ish o‘rinlari bor. Ularga oyiga 1500 yevrodan boshlab ish haqi taklif etilmoqda.

Nomzodlar o‘z ish faoliyati aks etgan 30 soniyalik videorolikni Telegram orqali EXPO SERBIA botiga yuborishi kerak. Shundan so‘ng tegishli vakansiya bo‘yicha ariza qoldirish mumkin.

Source: www.gazeta.uz