O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov dunyoning eng yirik franshiza shaxmat ligalaridan biri hisoblangan Tech Mahindra Global Chess League'ning to'rtinchi mavsumida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U franshizalar yetakchilari kuch sinashgan Icon Board ("ikona" doska)da eng sermahsul shaxmatchiga aylandi.
Javohir Sindarovning xalqaro maydondagi ishtiroki, musobaqalarga tayyorgarligi va murabbiylar bilan ishlashi O'zbekiston Milliy banki ko'magida amalga oshirilmoqda. Global Chess League musobaqasi 5−13-sentabr kunlari Hindistonning Bangalor shahrida bo'lib o'tdi. Turnirda oltita jamoa qatnashdi. Har bir jamoa tarkibi bir nafar Icon, ikki nafar Superstar Men toifasidagi shaxmatchi, ikki nafar Superstar Women va bir nafar Prodigy'dan iborat bo'ldi. Sindarov birinchi marta eng asosiy — Icon doskasida o'ynadi: avvalgi mavsumlarda u Prodigy va Superstar toifalarida qatnashgan edi.
FYERS American Gambits tarkibida u bilan birga Daniil Dubov, Nihal Sarin, Bibisara Asaubayeva, Sara Xadem va Mark'Andria Mauritssi o'ynadi. Jamoa murabbiyi vazifasini Shrinat Narayanan bajardi. Regulyar bosqichda har bir jamoa 10 tadan uchrashuv o'tkazdi. Bir jamoaning barcha olti nafar shaxmatchisi bir xil rangdagi donalarda o'ynadi. Qora donalardagi g'alaba uchun to'rtta, oq donalar bilan qozonilgan g'alaba uchun uchta, durang uchun esa har ikki tomonga bittadan o'yin ochkosi berildi.
Alohida uchrashuvda ko'proq o'yin ochkosi to'plagan jamoa uchta bahs ochkosiga ega bo'ldi. Vaqt nazorati — har bir ishtirokchiga 20 daqiqa va 41-yurishdan boshlab har bir yurish uchun ikki soniyadan qo'shib borildi. Sindarov 10 ta turda beshta g'alaba qayd etdi, uchta partiyani durang bilan yakunladi va ikki bor imkoniyatni boy berdi. Odatiy hisob-kitob tizimida bu 10 ochkodan 6,5 ochkoni tashkil etadi, biroq GCL tizimi bo'yicha o'zbekistonlik grossmeyster jamoasiga 20 ochko keltirib, Icon Board doskasidagi barcha o'yinchilardan o'zib ketdi.
U besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anandni ikki marta mag'lub etdi, shuningdek, Alirizo Firuzja, Yan Nepomnyashiy va Maksim Vashe-Lagrav ustidan ham g'alaba qozondi. Sindarov Firuzja, Magnus Karlsen va Vashe-Lagrav bilan durang o'ynagan bo'lsa, Nepomnyashiy va Karlsenga imkoniyatni boy berdi. Taqqoslash uchun, Karlsen muntazam bosqichning 10 ta bahsida GCL tizimi bo'yicha 18 ta o'yin ochkosi to'pladi. Musobaqa g'olibi Yan Nepomnyashiy hisobida esa 15 ochko bor edi. Shu tariqa, Sindarov guruh bosqichini oltita birinchi doska orasida eng yaxshi natija bilan yakunladi, shuningdek, barcha ishtirokchilar orasida gretsiyalik Stavrula Solakidu (21,5) va hindistonlik Nihal Sarindan (21) keyin uchinchi ko'rsatkichni qayd etdi.
Turnirning ikkinchi yarmidagi g'alabalari American Gambits uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi. 8-sentabr kuni Sindarov qora donalarda Anandni yana yengdi, ertasi kuni esa Firuzjadan ustun keldi — bu Triveni Continental Kings jamoasiga qarshi bahsdagi yagona sermahsul partiya bo'lib, FYERS'ga 8:5 hisobidagi g'alabani keltirdi. 10-sentabr kuni Sindarov Nepomnyashiyni mag'lub etdi. American Gambits o'sha kuni bo'lajak chempionlar — Ganges Grandmasters jamoasini 13:5 hisobida tor-mor etdi: o'zbekistonlik shaxmatchidan tashqari Dubov, Asaubayeva va Mauritssi ham o'z partiyalarida zafar quchdi. Sakkizta o'yindan so'ng FYERS, Alpine APL Pipers va Ganges Grandmasters hisobida 15 tadan bahs ochkosi bor edi, bunda American Gambits va Alpine bir xil — 73 tadan Game Points to'plab turgandi.
So'nggi turdan oldin American Gambits jamoasi Alpine APL Pipers'ga 7:9 hisobida imkoniyatni boy berdi. Karlsen oq donalarda Sindarovni yengib, uning qatorasiga uchta g'alabadan iborat seriyasiga chek qo'ydi. So'nggi uchrashuv oldidan o'zbekistonlik shaxmatchi jamoasi finalga chiqish imkoniyatini saqlab qolgan edi. CheQ Mumba Masters'ga qarshi kechgan hal qiluvchi bahsda Sindarov o'z doskasida talab qilingan vazifani bajardi: qora donalarda Maksim Vashe-Lagravni yengib, jamoasiga to'rt ochko taqdim etdi. Ammo umumiy hisobda FYERS bahsni 6:11 hisobida boy berdi. Xususan, Praneshga qarshi g'alabali vaziyatga ega bo'lgan Nihal Sarin vaqt tig'izligida mag'lub bo'ldi.
Natijada American Gambits muntazam bosqichni 15 ta bahs va 86 ta o'yin ochkosi bilan uchinchi o'rinda yakunladi. CheQ Mumba Masters ham xuddi shuncha bahs ochkosi jamg'argan edi, biroq ularda 85 ta o'yin ochkosi bor edi. 18 tadan bahs ochkosi to'plagan Ganges Grandmasters va Alpine APL Pipers jamoalari esa finalga yo'l oldi. 13-sentabr kuni FYERS va Mumba Masters uchinchi o'rin uchun ikkita uchrashuv o'tkazdi. American Gambits ikkalasida ham ustun keldi — 3,5:2,5 va 4:2. Sindarov Vashe-Lagrav bilan har ikkala bahsda durang o'ynadi. G'alabaga asosiy hissani ikkitadan partiyada zafar quchgan Nihal Sarin va Mark'Andria Mauritssi qo'shdi. 12 ta doska yakunlariga ko'ra, American Gambits bor-yo'g'i bir martagina mag'lubiyatga uchradi.
Sindarovning muvaffaqiyatli ishtiroki uning rapid bo'yicha onlayn reytingiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatdi. FIDEning sentabr oyidagi rasmiy reytingida uning ko'rsatkichi 2732 punktni tashkil etar edi. Firuzja ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng uning ko'rsatkichi 2742,6 punktga yetdi — bu dastlabki qiymatdan 10,6 punktga ko'p demakdir. O'sha lahza Sindarov jahon reytingida birdaniga to'rt pog'ona yuqorilab, oltinchi o'rindan ikkinchi o'ringa ko'tarildi va faqatgina Magnus Karlsendan ortda qoldi. Global Chess League 2026 g'olibligini Ganges Grandmasters qo'lga kiritdi. Amaldagi chempionlar — Alpine APL Pipers jamoasiga qarshi kechgan birinchi final uchrashuvi 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi, ikkinchisida esa Ganges 4:2 hisobida g'alaba qozondi. Muhim natijalardan biri Icon Board'da Nepomnyashiyning Karlsen ustidan qozongan g'alabasi bo'ldi. Yakuniy uchlik: 1-o'rin — Ganges Grandmasters, 2-o'rin — Alpine APL Pipers, 3-o'rin — Javohir Sindarovning FYERS American Gambits jamoasi.
Source: www.gazeta.uz