9-sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) binosi oldida respublikaning turli hududlaridan kelgan bir guruh fuqarolar to‘plandi. Yig‘ilganlar kamyob va o‘ta og‘ir hisoblangan O‘tkir osti sklerozlanuvchi panensefalit (Subacute Sclerosing Panencephalitis — SSPE) kasalligiga chalingan bolalarning ota-onalari bo‘lib, ular hukumatdan zarur dori-darmon vositalari, tibbiy yordam va moddiy ko‘mak ajratilishini so‘radi. Gazeta u yerdan ota-onalar bilan suhbatlashib, reportaj tayyorlagan edi.
Shundan so‘ng SSV Gazeta’ga SSPE bilan kasallangan bolalarning emlanish holati bo‘yicha izoh berdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda respublika bo‘yicha 238 nafar SSPE bilan kasallangan bola nazoratda turibdi. Ularning 133 nafari (55,8 foiz) milliy emlash kalendariga muvofiq qizamiqqa qarshi vaksina olmagan.
O‘tkir osti sklerozlanuvchi panensefalit — bu qizamiq virusi keltirib chiqaradigan, bosh miyaning orqaga qaytmas darajada yemirilishi bilan kechuvchi halokatli kasallikdir. Infeksiya yuqqandan so‘ng, virus miya hujayralariga kirib, 5−10 yil davomida “uyqudagi” yashirin holatda yashaydi. Keyin to‘satdan “uyg‘onib”, miyani ichidan yemirishni boshlaydi. Oqibati deyarli 100 foiz holatda o‘lim yoki umrbod chuqur nogironlik bilan tugaydi.
1 yoshgacha bo‘lgan go‘daklarning markaziy asab tizimi va immuniteti hali to‘liq shakllanib ulgurmagan bo‘ladi. Agar virus shu davrda organizmga kirsa, u miya to‘qimalarida juda oson o‘rnashib oladi va yashirin qoladi. Statistikaga ko‘ra, 1 yoshgacha qizamiq bilan og‘rigan bolalarda kelajakda SSPE (miya yemirilishi) rivojlanish xavfi katta yoshdagi bolalarga nisbatan bir necha barobar yuqori.
SSV emlanmagan bolalarning ko‘pchiligi qizamiq bilan juda erta yoshda kasallanganini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, SSPE bilan nazoratga olingan 238 bolaning 228 nafari (95,8 foiz) bir yoshga to‘lmasidan oldin qizamiq bilan kasallangan. 2019-yilda milliy emlash kalendarida qizamiqqa qarshi emlash bir yoshda amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, 2019-yilda tug‘ilgan bolalar bir yil o‘tib, 2020-yilda emlanishi kerak bo‘lgan. Biroq koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan karantin aholining emlash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. SSV statistik tahlillariga ko‘ra, ota-onalarning o‘rtacha 10 foizi emlash dasturlariga mas’uliyatsiz yondashadi yoki vaksinatsiyaga qarshi bo‘ladi. 2023-yildan boshlab esa epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda qizamiqqa qarshi emlash 6 oylikdan boshlangani qayd etildi.
SSV 1980—1990-yillarda butun aholini qizamiqqa qarshi vaksinatsiya bilan qamrab olish amaliyoti bo‘lmaganini bildirdi. Bu davrda asosan uyushgan bolalar guruhlari, jumladan, ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari qizamiqqa qarshi majburiy emlangan. Shu sababli ushbu yillarda aholining vaksinatsiya bilan qamrovi bo‘yicha umumiy statistik ma’lumotlar asosida muayyan fuqaroning emlangan yoki emlanmaganini aniqlash ko‘p vaqt va resurs talab etadi.
SSV ma’lumotlariga ko‘ra, SSPE bilan kasallangan nazoratdagi 238 nafar bemorning 185 nafari, ya’ni 77,7 foizi, 2019-yilda tug‘ilgan. Yana 21 nafari (8,8 foiz) 2023-yilda, 18 nafari (7,5 foiz) 2018-yilda tug‘ilgan. 2015−2024-yillarning qolgan yillariga esa 1−2 nafardan to‘g‘ri keladi. Shu bois SSPE bilan kasallangan bolalarning 90 foizi 2019-yilda tug‘ilgan degan ma’lumot tasdiqlanmadi, deya ta’kidlanadi SSV xabarida.
SSV ma’lumotiga ko‘ra, nazoratdagi 238 nafar SSPE bemorining 105 nafari (44,1 foiz) qizamiqqa qarshi emlangan. Biroq ularning 83 nafari, ya’ni 80 foizi, vaksina olishidan oldin qizamiq bilan kasallangan. Vazirlik ilmiy adabiyotlarga tayanib, qizamiqqa qarshi ikki doza vaksina olganlarning taxminan 3 foizida immunitet shakllanmasligi yoki vaqt o‘tishi bilan susayishi sababli qizamiq qayd etilishi mumkinligini bildirdi. Bir doza olganlarda bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil etadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qizamiq vaksinasining bir dozadan keyingi samaradorligi taxminan 93 foiz, ikki dozadan keyin esa 97 foizgacha yetadi.
O‘zbekistonda amaldagi milliy emlash kalendariga ko‘ra, bolalar qizamiqqa qarshi 6 oylikda va 6 yoshda ikki marta emlanadi. SSVga ko‘ra, vaksinaning noto‘g‘ri yuborilishi teri yoki teri ostida yallig‘lanishga olib kelishi mumkin. Shuningdek, vaksina qadog‘i ochilgan vaqtdagi hamda saqlash haroratiga qo‘yilgan talablarning buzilishi emlangan shaxsda yetarli immunitet shakllanmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq vaksina sifatsizligi SSPEni keltirib chiqarishi haqidagi da’voni vazirlik tasdiqlamadi.
SSV O‘zbekistonda milliy emlash kalendariga kiritilgan 13 turdagi vaksinalarning barchasi JSST prekvalifikatsiyasidan o‘tgan vaksinalar ekanini bildirdi. Prekvalifikatsiya — vaksinaning sifati, xavfsizligi va samaradorligi xalqaro standartlarga javob berishini baholash jarayonidir. Vazirlik, shuningdek, SSPE bilan kasallangan bemorlarda yovvoyi qizamiq virusi shtammlari aniqlangani haqida ilmiy maqolalar e’lon qilinganini qayd etdi. Qizamiqni 5 yoshgacha yuqtirgan har 100 ming bolaga taxminan 18 ta SSPE holati to‘g‘ri kelishi mumkin. Kasallik odatda qizamiqdan 7−10 yil o‘tib namoyon bo‘ladi.
SSV 2019, 2020, shuningdek 2023−2024-yillarda O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda qizamiq bilan kasallanish ko‘payganini ham ta’kidladi. SSV 9-sentabr kuni ota-onalar murojaat bilan kelgan paytda Sog‘liqni saqlash vazirining qo‘liga tutqazilgan bola — Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi voyaga yetmagan fuqaro X.E. — 2019-yilda tug‘ilganini ma’lum qildi. U 6 oyligida qizamiq bilan kasallangani va qizamiqqa qarshi emlanmagani ta’kidlandi. Bolada SSPE 2022-yil sentabrida aniqlangan.
Vazirlikning xulosasiga ko‘ra, SSPE holatlarining asosiy qismi qizamiq bilan kasallangan bolalarda kuzatilgan. Nazoratdagi bemorlarning 95,8 foizi qizamiq bilan bir yoshga to‘lmasidan oldin kasallangan. SSV shuningdek, SSPE bilan kasallanish holatlari asosan qizamiq bilan kasallanish ko‘paygan yillarda tug‘ilgan bolalar orasida qayd etilganini bildirdi.
Source: www.gazeta.uz