Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Vazirlar Mahkamasining 501-son qarori bilan pedagoglarning davlat oliy ta'lim tashkilotlariga o'qishga kirgan hamda tahsil olayotgan farzandlarining to'lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" Telegram kanali xabar qildi.

2026/2027 o'quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta'lim tashkilotlariga o'qishga kirgan hamda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun to'lov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma joriy etiladi. Chegirma davlat oliy ta'lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlariga tatbiq etiladi.

Chegirma bir nechta farzandi davlat OTMlarida to'lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan pedagoglarga har bir farzand uchun alohida qo'llaniladi. Pedagog farzandlari to'lov-kontrakt shartnomasi olish yuzasidan kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.

Arizani ko'rib chiqish jarayonida ariza beruvchining pedagog farzandi ekanligi "Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlanganda, chegirma avtomatik tarzda qo'llaniladi. Arizalar mas'ul tashkilot tomonidan 2 ish kuni mobaynida ko'rib chiqiladi.

Pedagog farzandlariga mazkur chegirma o'quv yili uchun bir marotaba qo'llaniladi. Pedagog farzandlarining otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi o'quv yilidan boshlab unga chegirma qo'llash to'xtatiladi.

Source: www.gazeta.uz