Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Komil Allamjonovga qilingan suiqasdda ayblangan mahbus Ismoil Jahongirov qamoqxonada vafot etdi. Kun.uzga ma'lumot bergan qarindoshlarining so'zlariga ko'ra, unga Jahongirov o'z joniga qasd qilgani aytilgan.

Voqea 2026-yil 26-fevralda sodir bo'lgan: ma'lum qilinishicha, Jahongirov qamoqxona kamerasida kiyimidan arqon yasab, o'zini osib olgan. Vafot etgan shaxs 27-fevralda dafn qilingan.

Ismoil Jahongirov 2024-yil 26-oktabrda Prezident Administratsiyasi xodimi Komil Allamjonovga qilingan suiqasdda ayblanib, 2025-yil 12-fevralda 23 yil ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan edi.

Suiqasddan so'ng u Shohruh Ahmadov bilan birgalikda internetda videoorolik e'lon qilib, o'zini jinoyatning ijrochisi deb tan olgan. Sud hukmiga ko'ra, Shohruh Ahmadov ham 23 yil ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan.

Bundan tashqari, sobiq Prezident Davlat xavfsizlik xizmati o'z xavfsizligi boshqarmasi boshlig'i Shuxrat Rasulov suiqasdning buyurtmachisi sifatida 23 yil, Janubiy Koreyadan olib kelingan tadbirkor Javlon Yunusov esa buyurtmachi va ijrochilar o'rtasidagi vositachi sifatida 18 yil ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan.

Source: kun.uz