O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni 79 yoshida olamdan o‘tgan, butun ongli hayotini qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Parda Ziyatov 1947-yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov (sobiq Jizzax) tumanida tug‘ilgan. U Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumini agronomlik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. O‘z mehnat faoliyatini tumandagi Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xo‘jaligida tabelchi bo‘lib boshlagan, keyinchalik brigadir va shirkat xo‘jaligi bosh pudratchisi lavozimlarida ishlagan. 2003−2018-yillarda “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib, paxtachilik va g‘allachilikda o‘ziga xos tajriba maktabini yaratgan.
Prezident farmoniga ko‘ra, u “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Bu unvon unga agrar sohani rivojlantirish va mamlakat oldidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun berilgan. Parda Ziyatov nafaqat Jizzax viloyatida, balki butun respublikada mohir tashkilotchi, kamtarin va samimiy inson sifatida katta obro‘-e’tibor qozongan.
U siyosiy va jamoatchilik faoliyatida ham faol bo‘lgan. Xususan, 1990−1995-yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati, 2005−2015-yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi, shuningdek, ko‘p yillar davomida xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritgan. Uning shartnoma rejalarini muntazam ortig‘i bilan bajarishi va paxtachilik hamda g‘allachilikda yaratgan tajriba maktabi ko‘plab fermerlarga o‘rnak bo‘ldi.
“Mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasining yorqin namoyandasi, mehnat faxriysi, samimiy va kamtarin inson Parda Ziyatovning xotirasi qalblarda hamisha saqlanib qoladi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida. Prezident uning oilasi va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirib, sabr-toqat tiladi.
Source: www.gazeta.uz