Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o'z nutqida jahonda geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotganini, urushlar davom etayotganini, tengsizlik va ishonchsizlik ortib borayotganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, bunday sharoitda davlatlar oldida tanlov masalasi qo'yiladi va O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o'z tanlovini allaqachon amalga oshirgan: bu — ochiqlik, qo'shnilar bilan yaxshi munosabatlar va dunyo bilan muloqot. «Ochiqlik zaiflik degani emas. Aksincha, tinchlikka intilish kelajak uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olish demakdir», — dedi u.
Mirziyoyeva davlatlar oldiga «qaysi tomonda turasiz?» degan savol qo'yilayotganini, O'zbekistonning javobi esa aniq ekanini aytdi: «Bizning tanlovimiz — inson qadr-qimmati. Biz ta'lim olish, kasb egallash va o'z kelajagini belgilashga qat'iy qaror qilgan yoshlarni tanlaymiz. Chunki biz davlatchilikning haqiqiy kuchini harbiy yoki iqtisodiy qudrat bilan o'lchamaymiz. Mamlakat qudrati birinchi navbatda inson qadr-qimmatini, huquq va manfaatlarini himoya qila olishi bilan belgilanadi». U tinchlik, taraqqiyot va inson qadr-qimmatini alohida yo'nalishlar emas, yagona vazifa sifatida ko'rishlarini ta'kidladi.
Nutqning muhim qismi BMT faoliyatiga bag'ishlandi. Mirziyoyeva hech bir davlat, imkoniyatlaridan qat'i nazar, zamonaviy global muammolarni yakka o'zi yenga olmasligini ta'kidladi. «Bu tahdidlarning hech biri milliy chegaralarda to'xtamaydi. Shuning uchun bizga har qachongidan ham BMT zarur. Bizga nafaqat qarorlar qabul qiladigan, balki ularni amalga oshiradigan BMT kerak. Har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak», — dedi u. O'zbekiston BMT Bosh kotibining UN80 tashabbusini qo'llab-quvvatlashini va Xavfsizlik Kengashi tarkibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi. Shuningdek, kelasi yil O'zbekiston Qo'shilmaslik harakatiga raislik qilishini ma'lum qildi: «Keskinlik kuchaygan bir paytda biz buni muloqot uchun yangi maydonchalar yaratish mas'uliyati deb bilamiz. Shu ruhda O'zbekiston 2035–2036 yillarga BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo'lmagan a'zoligiga o'z nomzodini ilgari surdi. Sizning qo'llab-quvvatlashingizga umid qilamiz».
Mirziyoyeva xalqaro huquqqa sodiqlikni alohida ta'kidladi: «Biz uchun xalqaro huquq — manfaatlarga qarab o'zgaradigan vosita emas. Bu barcha davlatlar uchun umumiy qoidadir. Umumiy huquqsiz umumiy adolat bo'lishi mumkin emas». Markaziy Osiyo haqida gapirar ekan, u yaqin o'tmishda mintaqa hal qilinmagan chegara masalalari, suv resurslari bo'yicha bahslar bilan bog'langanini eslatdi. «O'zbekiston Prezidentining tashabbusi va Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqadagi vaziyat va muhit butunlay o'zgardi. Biz bir-birimizni tahdid manbai emas, balki hamkor sifatida ko'ra boshladik», — dedi u. Xuddi shu yondashuv Afg'onistonga ham qo'llanilishini qo'shib, «Afg'onistonni faqat xavf manbai sifatida ko'rish muammoni hal qilmaydi. Ko'p millatli afg'on xalqini o'z muammolari bilan yolg'iz qoldirish ham yo'l emas. Ularga tinch hayotga umid va ishonch berish kerak», — dedi.
Nutqning salmoqli qismi O'zbekistondagi ichki islohotlarga bag'ishlandi. Mirziyoyeva islohotlarning asosiy mezoni aholi hayot sifatining o'zgarishi ekanini ta'kidladi. U keltirgan ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi o'n yilda aholining xarid qobiliyati ikki baravar oshdi, iqtisodiyot hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetdi, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilindi, eksport deyarli uch baravar o'sdi. «Qashshoqlik darajasi 4 foizga tushdi va qariyb 10 million kishi qashshoqlikdan chiqarildi. Maktabgacha ta'lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta'lim qamrovi 9 foizdan qariyb 45 foizga oshdi. O'rtacha umr ko'rish 66 yoshdan 75 yoshdan oshdi. Ona va chaqaloq o'limi to'rt baravar kamaydi. Islohotlarning haqiqiy qadri shu odamlar hayotida aks etadi», — dedi u. U bolalar himoyasi, ta'lim va inson kapitali masalalariga to'xtalib, «Bola — davlatning eng katta mas'uliyati. Agar bola sog'lom tug'ilmasa va sifatli ta'lim olmasa, biz nafaqat bir kishining, balki butun jamiyatning kelajagini xavf ostiga qo'yamiz», — dedi. U yaqin kunlarda BMT Aholishunoslik jamg'armasi bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo'yicha yuqori darajali muloqot bo'lib o'tishini, oktyabr oyida Samarqandda bolalar farovonligi masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro hamjamiyat yig'ilishini ma'lum qildi.
Ekologiya va Orol fojiasi ham nutqning muhim mavzusi bo'ldi. «Markaziy Osiyoning dunyoga taklif qiladigan yana bir saboqi bor. Bu — Orol dengizi. U tabiiy ofat tufayli qurimadi. Bu o'nlab yillar davomida noto'g'ri qarorlar va tabiatga nisbatan adolatsiz munosabat natijasidir», — dedi Mirziyoyeva. U Orolning qurigan tubida yashil zonalar barpo etilayotgani, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilayotgani va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish rejalari haqida gapirdi: «Biz 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishga intilamiz. Orol dengizi faqat ekologik fojia ramzi bo'lib qolishini istamaymiz. U ekologik yechimlar poligoniga aylanishi kerak». U O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027–2036 yillarni o'rmonlarni ko'paytirish va tiklash bo'yicha Harakatlar o'n yilligi deb e'lon qilganini eslatib, «Bu rezolyutsiyani amaliy natijalar bilan mustahkamlash vaqti keldi», — dedi.
Global texnologik o'zgarishlar haqida gapirar ekan, Mirziyoyeva sun'iy intellekt rivojiga alohida to'xtaldi: «Bugun insoniyat yana bir keng ko'lamli transformatsiya ostonasida turibdi. Men sun'iy intellekt haqida gapiryapman. Ammo bir savol javobsiz qolmoqda. Texnologiya insoniyatga xizmat qilyaptimi yoki biz texnologiyaga moslashishga majburmizmi?» Uning so'zlariga ko'ra, texnologik taraqqiyot markazida inson turishi kerak: «Insoniyat va uning taqdiri texnologik taraqqiyot markazida bo'lishi kerak. Sun'iy intellekt inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyatlar va mas'uliyatdan ajralmas bo'lishi lozim. Texnologik taraqqiyot odamlarni o'zgarishga majbur qilmasligi, balki inson hayotini yaxshilashga xizmat qilishi kerak». U O'zbekiston bu sohada xalqaro muloqotni mustahkamlash tarafdori ekanini qo'shdi.
Nutqda qonun ustuvorligi va sud tizimi masalalari ham ko'tarildi. «Hokimiyat qonun ustida turmaydi. Sudga murojaat qilgan har bir kishi, kim bo'lishidan qat'i nazar, adolat g'alaba qozonishiga ishonishi kerak», — dedi Mirziyoyeva. U Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi tamoyillariga asoslangan alohida xalqaro tijorat sudi tashkil etilayotganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, u O'zbekistonda bolalar va tizimli majburiy mehnatga barham berilgani, oilaviy zo'ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani va ayollar imkoniyatlarini kengaytirish choralari haqida gapirdi: «Biz ayollar huquqlari va imkoniyatlari haqida gapirganda ham shu mezonga tayanamiz. Shuning uchun ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash uchun alohida tizim yaratdik. Bugun ayollar parlamentimizning 39 foizini tashkil etadi». U Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda qurilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham gapirdi: «Biz uni faqat o'tmishni namoyish etadigan joy emas, balki bilim, fikr va ma'rifat uyi sifatida ko'ramiz». Uning so'zlariga ko'ra, bu ish ijtimoiy tarmoqlar va sun'iy intellekt texnologiyalari orqali axborot tez tarqalayotgan sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi: «Bugun ijtimoiy tarmoqlar va sun'iy intellekt nafrat va stereotiplarni juda tez tarqatayotgan bir davrda bu haqiqatni yana bir bor eslatish muhim. O'zbekiston madaniyatlar va dinlar o'rtasidagi muloqotni, ma'rifat va bag'rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni izchil davom ettiradi».
Nutqini yakunlar ekan, Mirziyoyeva yana inson qadr-qimmati mavzusiga qaytib, uni kelajak uchun asosiy yo'nalishlardan biri deb atadi: «Barchamiz inson qadr-qimmati eng oliy ustuvorlik bo'lgan dunyoda yashashni xohlaymiz. Biz farzandlarimizga hozirgidan yaxshiroq dunyo qoldirmoqchimiz. Inson qadr-qimmati yuksak qadrlanadigan dunyo». «Biroq kelajak bizni oldimizda ochilgan imkoniyatlar bilan emas, balki ulardan qanday foydalanganimiz bilan baholaydi. O'zbekiston xalqi va Prezidenti tinchlik, ishonch va inson qadr-qimmati hukmron bo'lgan dunyo qurishga o'z hissasini qo'shishga tayyor», — dedi Saida Mirziyoyeva.
Source: uznews.uz