Namangan shahriga Xitoyda ishlab chiqarilgan 10 ta Zhongtong rusumli elektrobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi. Elektrobuslar “Otchopar — Chorsu” yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur elektrobuslar “Turon-95 MBI” MCHJ tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 125 ta zamonaviy avtobus xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnoma doirasida olib kelingan. Yangi transport vositalarini Namangan shahrining yo‘l-transport bosh rejasiga muvofiq, tender tanlovlari asosida “Otchopar — Chorsu” yo‘nalishiga joylashtirish va qatnovlarni brutto shartnoma asosida tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi elektrobuslarning ishga tushirilishi shaharda ekologik toza va zamonaviy jamoat transporti xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan. Ularning faoliyati bilan bog‘liq yo‘nalishlarda 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida viloyatda jamoat transportini modernizatsiya qilish doirasida tadbirkorlar tomonidan Namangan shahri uchun 108 ta zamonaviy avtobus olib kelingan. Ular hozirda 10 ta yo‘nalishda brutto shartnoma asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan avval iyul oyida Namangan shahriga Xitoydan 12 ta Ankai rusumidagi avtobus keltirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 23-iyun kuni viloyat situatsion markazida Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarning hisobotlarini tinglagan, o‘shanda Namangan shahri jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus, 1-iyulgacha esa qo‘shimcha 105 ta elektrobus xarid qilish topshirilgandi.
Source: www.gazeta.uz