Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Olmazor tumanida 13 yoshli bola suvga tushgan koptokni olish uchun quvur ustiga chiqib, kanalga tushib ketdi. Uni suvda oqib ketayotgan paytida suv bo‘yidagi restoran xodimlari qutqarib qoldi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Poytaxt FVBB ma’lumotlariga ko‘ra, voqea Olmazor tumanidagi suv bo‘yida joylashgan mahallalardan birida sodir bo‘lgan. Bolalar stadion yaqinida to‘p o‘ynayotgan vaqtda to‘p suvga tushib ketgan. 13 yoshli bola uni olish uchun katta quvur ustiga chiqqan va shu payt suvga tushib ketgan.

Bola kuchli oqimda oqib ketayotganida uni suv bo‘yidagi restoran xodimlari ko‘rib qolgan. Xodimlardan biri uning ortidan suvga sakragan, keyin uning ustozi ham yordamga tushgan. Ular bolaga yetib olishga uringan paytda avval bir daraxtni, keyin boshqasini ushlagan, ammo daraxtlar sinib ketgan. Shundan so‘ng ular suvda oqib kelayotgan singan daraxtga tayanib, bolani qirg‘oqqa olib chiqqan.

“Odamlar yuqoridan ham bolani qutqarishga uringan, cho‘p uzatishgan. Lekin oqim o‘rtada juda tez edi. Suvga tushganimda bola talpinib, ustimga chiqib oldi, meni ham qariyb cho‘ktirib qo‘ydi”, — dedi restoran xodimi.

Bolaning aytishicha, u ko‘prik ostida oqib ketayotganda juda qo‘rqib ketgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik ostida suv sathi bilan ko‘prik orasida deyarli joy qolmagan va nafas olishi qiyinlashgan. Keyin yorug‘likni ko‘rib, boshini suvdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

“Hammasi tugadi, deb o‘yladim. Keyin yorug‘lik ko‘rindi va darhol boshimni suvdan chiqardim. Ikki kishi suvga tushdi, yana uch kishi yuqoridan tortib chiqardi. Koptok yoki boshqa narsa suvga tushsa, oqib ketaversin. Odamning hayotidan qimmat narsa yo‘q. Meni qutqarganlari uchun rahmat”, — dedi u.

FVBB vakili bolaning hozirgi ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qildi. Voqeadan so‘ng u shifoxonaga olib borilgan va tibbiy nazorat ostida. Uning aytishicha, bola o‘z vaqtida suvdan chiqarib olinmaganida, oqim uni GES tomon olib ketishi va hayotini saqlab qolish juda qiyin bo‘lishi mumkin edi.

FVBB ma’lumotiga ko‘ra, bolani qutqargan ofitsiantni taqdirlash rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Toshkentdagi Bo‘rijar kanalida cho‘kayotgan 13 yoshli bola qutqarib qolingan edi. Bolaga post-patrul xizmati inspektori va bir erkak yordamga kelib, uni suvdan olib chiqqan.

Source: www.gazeta.uz