Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO), Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda O'zbekiston sement sanoati vakillari ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi. Uchrashuvda ayrim turdagi xavfli chiqindilarni sement pechlarida qayta ishlash imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Tadbir Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida tashkil etildi.
Ishtirokchilar chiqindilardan sement ishlab chiqarishda muqobil yoqilg'i yoki xomashyo sifatida foydalanish usulini muhokama qildilar. Bu texnologiya qator mamlakatlarda ayrim turdagi chiqindilarni qayta ishlashda qo'llaniladi. Tashkilotchilar ma'lumotiga ko'ra, O'zbekistonda xavfli chiqindilarni zararsizlantirish va yo'q qilish imkoniyatlari hozircha cheklangan bo'lib, bu atrof-muhit va aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug'diradi.
Uchrashuvda Ozarbayjon tajribasi ham o'rganildi. Bu mamlakatda FAO ko'magida tarkibida barqaror organik ifloslantiruvchilar bo'lgan pestitsid chiqindilarini sement pechlarida qayta ishlash bo'yicha nazorat ostida sinovlar o'tkazilgan. Shuningdek, ehtimoliy sinovni o'tkazishdan oldin hal qilinishi zarur bo'lgan me'yoriy, ruxsat berish, infratuzilma va investitsiya masalalari ham muhokama qilindi. Ayrim sement korxonalarining ishlab chiqarish maydonlari texnik baholash uchun tanlab olinishi mumkin.
"Ushbu davra suhbati imkoniyatlarni baholash, loyihada ishtirok etishdan manfaatdor sement korxonalarini aniqlash hamda har qanday pilot amaliyotni ko'rib chiqishdan oldin bajarilishi lozim bo'lgan texnik, me'yoriy va ekologik talablarni belgilash yo'lidagi birinchi qadamdir", — dedi FAOning qishloq xo'jaligi bo'yicha mutaxassisi va loyihaning yetakchi texnik xodimi Artur Shamilov. Xabarda pilot loyihada qaysi korxonalar ishtirok etishi, qanday turdagi va qancha hajmdagi chiqindilar qayta ishlanishi, shuningdek, atrof-muhitga ta'sir qanday nazorat qilinishi aniqlashtirilmagan.
Muhokama Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan FAOning qiymati 3,9 million yevro bo'lgan "Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarishga texnik ko'mak" loyihasi doirasida o'tkazildi. Loyiha 2024-yilda boshlangan bo'lib, u eskirgan pestitsidlar va ifloslangan tuproq hajmini baholash, kimyoviy moddalarni boshqarish tizimini yaxshilash hamda o'ta xavfli pestitsidlardan foydalanishni qisqartirishni nazarda tutadi. O'sha paytga kelib, O'zbekistonda eskirgan yoki taqiqlangan pestitsidlar va zaharli kimyoviy moddalar idishlari ko'milgan sakkizta obyekt konservatsiya qilingan, yana ikkita obyektda bu ishlar boshlangan edi.
Bundan tashqari, O'zbekiston 2025-yil iyunida Saudiya Arabistonining Vision International Investment va Fransiyaning Suez kompaniyalari bilan xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish bo'yicha qiymati 78 million dollarlik alohida loyihani amalga oshirishga kelishgan. Loyiha maxsus poligonlar tashkil etish, chiqindilardan yoqilg'i ishlab chiqarish va ularni termik qayta ishlash korxonasini qurishni nazarda tutadi. Chiqindilarni sement pechlarida birgalikda qayta ishlash texnologiyasi, jumladan, xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo'q qilishni nazorat qilish to'g'risidagi Bazel konvensiyasida tavsiflangan.
Bu usulda chiqindilar odatdagi yoqilg'i va xomashyo bilan birga sement pechiga yuboriladi. Chiqindining yonadigan qismi ko'mir yoki boshqa yoqilg'i o'rnini qisman bosadi, tarkibidagi mineral moddalar esa sement klinkeri tarkibiga kirishi mumkin. Pechdagi alanga harorati taxminan 2000 darajaga, qayta ishlanayotgan material harorati esa 1450 darajaga yetadi. Yuqori haroratning uzoq ta'siri organik ifloslantiruvchi moddalarni parchalash imkonini beradi. Hosil bo'ladigan kulning asosiy qismi klinker tarkibiga qo'shiladi, shu sababli odatda ko'mish talab etiladigan alohida qoldiq paydo bo'lmaydi. Biroq bu texnologiya barcha xavfli chiqindilar uchun mos emas. Uni qo'llashdan oldin chiqindilar tarkibini tahlil qilish, ularni pechga nazorat ostida yuborish hamda og'ir metallar, dioksinlar va boshqa zaharli birikmalar chiqarilishini doimiy kuzatib borish zarur.
Source: www.gazeta.uz