Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shayxontohur tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi poytaxt maktablaridan birining 23 yoshli qo‘riqchisiga nisbatan ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi. Qo‘riqchi 2014-yilda tug‘ilgan oltinchi sinf o‘quvchisiga nisbatan jinsiy tajovuzda ayblangan.

Ish materiallariga ko‘ra, voqea 15-sentabr kuni soat 15:30 atrofida Shayxontohur tumanidagi maktab binosida sodir bo‘lgan. Erkak o‘quvchining belidan ushlab, labidan o‘pgan. Tergov organi bu harakatlarni O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-1-moddasi 1-qismi (Jinsiy tajovuz) bo‘yicha kvalifikatsiya qilib, ishni sudga yuborgan.

Biroq sud ish holatlarini to‘liq o‘rganilmagan deb topdi. Xususan, tergov organi erkakning harakatlarida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 129-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bor-yo‘qligini baholamagan. «Ushbu modda 16 yoshga yetmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatmasdan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Agar bunday harakatlar 14 yoshga yetmagan bolaga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Zo‘rlik yoki tahdid ishlatilganda esa 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi», — deyiladi sud qarorida.

Sud, shuningdek, ma’muriy ishni ko‘rib chiqishda huquqbuzarlik fakti, vaqti va joyi, shaxsning aybdorligi, uni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asoslar mavjudligi hamda ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlar aniqlanishi lozimligini ta’kidladi. Biroq dastlabki tergov bu talablarni buzgan holda o‘tkazilgan: voqea holatlari har tomonlama, to‘liq va xolis tekshirilmagan.

Shu sababli sud aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmaguncha ma’muriy ishni mohiyatan ko‘rib chiqishni imkonsiz deb hisobladi. Maktab xodimiga oid materiallar Shayxontohur tumani prokuroriga qayta tergov o‘tkazish uchun yuborildi.

Source: uznews.uz