Xo‘jaobod tumanidagi “Andijon texnoparki”da 5G texnologiyasi asosida ishlaydigan aqlli suv hisoblagichlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Davlat rahbari 23-sentabr kuni viloyatga safari davomida texnoparkka tashrif buyurdi.
Qiymati 25 million dollar bo‘lgan korxona Xitoyning Sanchuan kompaniyasi bilan hamkorlikda, to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan barpo etilgan. Hisoblagichlar Huawei texnologik kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilmoqda. Xabar qilinishicha, ishlab chiqarish jarayonlarining 80 foizi robotlashtirilgan.
Aqlli hisoblagichlar suv sarfi va sifatini, shuningdek, uskunalarning texnik holatini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi. Korxona yiliga 15 turdagi 1 million dona hisoblagich ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ular suv to‘planishining oldini oluvchi konstruksiya va sovuqqa chidamli korpusga ega.
2030-yilga borib ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun texnoparkda butlovchi qismlar va ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan korxonalarni joylashtirish ko‘zda tutilgan.
“Andijon texnoparki” 100 gektar maydonda tashkil etilgan. Sanoat zonasiga kiritiladigan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 300 million dollarga baholanmoqda. Bu yerda 51 ta korxonani joylashtirish va 3000 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Texnopark to‘liq ishga tushgach, yiliga 200 million dollarlik 50 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda. Uning eksport salohiyati 50 million dollarga, budjetga kutilayotgan tushumlar esa yiliga 160 milliard so‘mga baholanmoqda.
Source: www.gazeta.uz