AQSh davlat kotibi Marko Rubio oktabr oyi o‘rtalarida Samarqandga tashrif buyuradigan 100 dan ortiq Amerika kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyaga rahbarlik qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 24-sentabr kuni AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor jurnalistlarga ma’lum qildi. Gorning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashrif AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, diplomatik va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Tashrif davomida Marko Rubio O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari bilan bir qatorda, “C5+1” shaklidagi TIV rahbarlari uchrashuvida qatnashadi. “Asosiy e’tibor mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash hamda „C5+1“ formati doirasida dolzarb mintaqaviy masalalar bo‘yicha birgalikda yechimlar ishlab chiqishga qaratiladi”, — deya ta’kidladi Gor.
AQSh davlat kotibi, shuningdek, Markaziy Osiyoda savdoni kengaytirish, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish va iqtisodiy modernizatsiyani qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekiston rahbariyati va mintaqa davlatlaridagi hamkasblari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Tashrif doirasida Amerika biznes delegatsiyasi mahalliy tadbirkorlar bilan aloqalar o‘rnatishi va qo‘shma loyihalarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bu tashrif AQSh ning Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, mintaqa davlatlari uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi mumkin. Biroq, ba’zi tahlilchilar AQSh ning so‘nggi yillarda mintaqaga bo‘lgan qiziqishi beqaror ekanligini va va’dalar amalda qanday bajarilishini kuzatish zarurligini ta’kidlamoqda.
Source: www.gazeta.uz