O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, MY.SUD.UZ interaktiv xizmatlar portalida yangi “Taqiqlangan kanallar” servisi ishga tushirildi. Bu xizmat foydalanuvchilarga Oliy sud tomonidan diniy ekstremizm, terrorizm va diniy fanatizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi deb topilgan hamda mamlakatga olib kirish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan internet manbalari haqida ma’lumot olish imkonini beradi.
Yangi servis orqali foydalanuvchilar taqiqlangan manbalar va kanallarni qidirishlari, shuningdek, YouTube, TikTok, Instagram, Threads va boshqa ijtimoiy tarmoq hamda platformalar bo‘yicha alohida ma’lumotlarni ko‘rishlari mumkin. Bu esa fuqarolarga qaysi kontent qonun bilan taqiqlanganini tez va qulay aniqlash imkonini yaratadi.
Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 13-iyul holatiga ko‘ra, bunday manbalar ro‘yxatida 1882 ta manba mavjud. Ushbu ro‘yxat doimiy yangilanib borilishi va jamoatchilikka ochiq bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda diniy ekstremizm, terrorizm va diniy fanatizmga qarshi kurash qonunchilik darajasida qat’iy belgilangan. Oliy sud tomonidan tasdiqlangan taqiqlangan manbalar ro‘yxati ushbu kurashning muhim quroli hisoblanadi. Yangi xizmat esa bu ro‘yxatni har bir fuqaro uchun ochiq va tushunarli qilishga qaratilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bunday servisning joriy etilishi internetdagi xavfli kontent tarqalishining oldini olishga yordam beradi, shuningdek, ota-onalar va pedagoglar uchun farzandlar va o‘quvchilarni himoya qilishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Source: uznews.uz