Samarqand viloyatida kriptoaktivlarni noqonuniy sotib olish, almashtirish va o‘tkazish bilan shug‘ullangan to‘rt jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat IIB va Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ijara kvartirada noqonuniy kriptoaktiv savdosi bilan shug‘ullangan ikki shaxs qo‘lga olindi. Ular maxsus dasturiy vositalar va qo‘shimcha uskunalardan foydalangan holda jami 6 milliard 994 million so‘m miqdorida kriptoaktivlarni sotib olgan, o‘tkazgan va almashtirgan.
Yana bir tezkor tadbir davomida Samarqand shahrining yana bir aholisi o‘z mobil qurilmalari orqali noqonuniy faoliyat yuritgani aniqlanib, qo‘lga olindi. U turli platformalar orqali jami 14 725 ta tranzaksiya amalga oshirgan. Shuningdek, u 174 milliard 554 million so‘m miqdorida kriptoaktivlarni noqonuniy sotib olgan, o‘tkazgan va almashtirgan.
Xuddi shunday holat Kattaqo‘rg‘on shahrida ham aniqlangan. Bu yerda ikki fuqaro joriy yilning yanvar oyidan boshlab noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan. Shu vaqt ichida ular 64 milliard 368 million so‘m miqdorida kriptoaktivlarni noqonuniy sotib olgan va o‘tkazgan.
Ishtixon tumanida ham aprel oyidan boshlab 5 milliard 78 million so‘m miqdorida kriptoaktivlarni noqonuniy sotib olish, o‘tkazish va almashtirish bilan shug‘ullangan ikki shaxs qo‘lga olindi. Tezkor tadbirlar davomida 5 ta noutbuk, 45 ta mobil telefon va boshqa shaxslarga tegishli 186 ta bank plastik kartasi olib qo‘yilib, rasmiylashtirildi.
Jami bo‘lib, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 250 milliard 995 million so‘m miqdorida noqonuniy kriptoaktiv operatsiyalarini amalga oshirgan 7 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi 8-qismi (Kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: uznews.uz