Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Braziliyaning Embraer kompaniyasi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlariga buyurtma qilingan yangi avloddagi C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlaridan birinchisini topshirdi. Bu haqda Embraer matbuot xizmati xabar berdi. Rasmiy marosim San Paulu shtatidagi Embraer’ning Gavian Peyshotu sinov bazasida bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston HHK qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burhanov va “O‘ztextreyd” davlat korxonasi direktori Olimxon Rustamov ishtirok etdi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ushbu turdagi samolyotlarning birinchi buyurtmachisi va operatoriga aylandi. 2024-yil oxirida imzolangan shartnoma o‘qitish va qo‘llab-quvvatlashning kompleks paketini hamda ehtiyot qismlarni yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.

“Birinchi C-390 Millennium’ning yetkazib berilishi O‘zbekiston HHKni modernizatsiya qilishda oldinga tashlangan salmoqli qadamdir. Samolyotning favqulodda parvoz-texnik xususiyatlari, universalligi va ko‘p maqsadli imkoniyatlari bizga keng ko‘lamli vazifalarni yanada yuqori samaradorlik va tayyorgarlik bilan bajarish imkonini beradi. Biz ushbu zamonaviy platformaning qurollanishga qabul qilinishini va operativ imkoniyatlarimiz yanada mustahkamlanishini intiqlik bilan kutmoqdamiz”, — dedi Ahmad Burhanov.

“O‘zbekiston HHKga birinchi C-390 Millennium samolyotini topshirish va O‘zbekistonni dunyo bo‘ylab C-390 operatorlarining kengayib borayotgan hamjamiyatida qutlash biz uchun katta sharafdir”, — dedi Embraer Defense & Security prezidenti va bosh direktori Bosko da Kosta Junior. U samolyotni o‘rta masofaga taktik havo tashuvlarida yangi standart deb atadi va u mamlakat HHKga o‘nlab yillar davomida yangi imkoniyatlar hamda operativ moslashuvchanlikni ta’minlashi kerakligini ta’kidladi.

XXI asrda ishlab chiqilgan va yaratilgan C-390 Millennium o‘z sinfidagi eng zamonaviy harbiy-transport samolyoti hisoblanadi. U o‘rtacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega boshqa harbiy-transport samolyotlariga qaraganda ko‘proq yuk (26 tonna) tashish, shu bilan birga yuqoriroq tezlikka (470 uzel) erishish va uzoqroq masofalarni bosib o‘tishga qodir. Samolyot keng ko‘lamli vazifalarni, jumladan, yuklar va shaxsiy tarkibni tashish, texnika va harbiy xizmatchilarni desant qilish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv operatsiyalari (SAR), yong‘inlarni o‘chirish va gumanitar missiyalarni bajarishi mumkin. Bunda u vaqtinchalik yoki tuproqli uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalanilishi mumkin.

Havoda yonilg‘i quyish uchun tez yechiladigan uskunalar majmuasi (AAR) bilan jihozlanganda, samolyot ham havo tankeri, ham havoda yonilg‘i qabul qiluvchi samolyot funksiyalarini bajara oladi. Braziliya HHKdan tashqari, ushbu yangi avlod ko‘p maqsadli samolyoti Portugaliya, Vengriya, Koreya Respublikasi, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, O‘zbekiston, Shvetsiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Slovakiya, Kolumbiya va Litva harbiy-havo kuchlari tomonidan tanlangan. Hozirda O‘zbekiston HHK Il-76 va CASA C-295 (Airbus Defence and Space) harbiy-transport samolyotlaridan foydalanmoqda.

Source: www.gazeta.uz