Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston asosiy milliy jamoasi Samarqanddagi Butunjahon shaxmat Olimpiadasining to‘qqizinchi turida AQSh ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, 16 ochko bilan musobaqa jadvalida yakka peshqadam bo‘lib oldi. Hindiston, Armaniston va O‘zbekiston-2 jamoalari yetakchidan bir ochkoga ortda qolmoqda.

Javohir Sindarov ikkinchi doskada amerikalik Uesli Soga imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi. Ushbu partiyaga qadar o‘zbekistonlik grossmeyster yetti uchrashuvda 5,5 ochko jamg‘argan edi (to‘rtta g‘alaba va uchta durang). U shaxsiy medallar uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shaxmatchining mashg‘ulotlari, xalqaro turnirlar va Olimpiadadagi ishtiroki, shuningdek, murabbiylar bilan ishlash jarayoni O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida olib borilmoqda.

O‘zbekiston bosh jamoasi avvalgi turda Germaniyadan ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olgan AQShga qarshi bahs olib bordi. Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Fabiano Karuanani dog‘da qoldirdi. Jamoaga yana bir ochkoni Hans Niman ustidan g‘alaba qozongan Nodirbek Yoqubboyev keltirdi. Muhiddin Madaminov esa Levon Aronyan bilan murosani tanladi. Shu tariqa, O‘zbekiston AQShni 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

O‘zbekiston ikkinchi jamoasi 9-turda Niderlandiyani yirik hisobda (3,5:0,5) tor-mor keltirdi. Milliy jamoa tur boshlanishidan oldin 13 jamoaviy ochkoga ega bo‘lib, to‘rtinchi pog‘onani egallab turgandi. Jahongir Vohidov Anish Girini, Muhammadzohid Suyarov Lyuk van Velini, Ortiq Nig‘matov Ervin L’Amini taslim etdi. Abdimalik Abdisalimov esa Yorden van Forest bilan durang o‘ynadi. O‘zbekiston-2 15 ochko to‘plab, asosiy milliy jamoaning eng yaqin ta’qibchilari safidan joy oldi.

O‘zbekistonning uchinchi jamoasi Qirg‘izistonni 2,5:1,5 hisobida yengdi. Saidakbar Saydaliyev, Bahrom Bahrillayev va Muhammadali Abdurahmonov o‘z partiyalarida durang qayd etdi. To‘rtinchi doskada Timur Daudovni yutgan Asrorjon Omonov jamoasiga g‘alaba ochkosini keltirdi. Bu natija Omonov uchun Olimpiada doirasida o‘tkazilgan yetti partiyadagi yettinchi g‘alaba bo‘ldi.

Turning markaziy uchrashuvlaridan birida Hindiston va Germaniya to‘qnash keldi. Hindiston jamoasi 2,5:1,5 hisobida zafar quchdi. Hal qiluvchi ochkoni Aleksandr Donchenko ustidan g‘alaba qozongan jahon chempioni Gukesh Dommaraju qo‘lga kiritdi; qolgan uch uchrashuv durang bilan yakunlandi. To‘qqizta partiyadan so‘ng Gukesh hisobida 7,5 ochko bor. Fransiya va Xitoy 2:2 hisobida durang qayd etdi. Birinchi doskada Maksim Vashe-Lagrav Din Lijenni mag‘lub etgan bo‘lsa-da, Xitoy jamoasi mag‘lubiyatdan qutulib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada har ikki jamoa bir ochkodan bo‘lishib oldi. Armaniston Ozarbayjon ustidan g‘alaba qozonib, Hindiston va O‘zbekiston-2 singari jamoaviy ochkolari sonini 15 taga yetkazdi. To‘qqizinchi tur oldidan har ikki terma hisobida 13 ochko bor edi.

Shu tariqa, 9-turdan keyin O‘zbekiston 16 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Hindiston, Armaniston va O‘zbekiston-2 hisobida 15 ochkodan mavjud. Germaniya, Xitoy va Fransiya 14 ochkoga ega. Mag‘lubiyatga uchragan AQSh va Ozarbayjon 13 ochko bilan kifoyalandi.

Ayollar musobaqasida O‘zbekiston asosiy jamoasi amaldagi Olimpiada chempioni — Hindistonga imkoniyatni boy berdi (1:3). Afruza Hamdamova Hampi Koneru bilan durang o‘ynadi, Gulruhbegim Tohirjonova Divya Deshmukxga, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva esa Vantika Agravalga yutqazdi. Guldona Karimovaning Savita Shri bilan partiyasi durang bilan tugadi. O‘zbekiston-2 Islandiyani 2,5:1,5 hisobida yengdi: Madinabonu Xalilova va Asal Salimova o‘z bahslarida g‘alaba qozondi, Marjona Malikova durang o‘ynadi, Mumtozbegim Mansurova raqibiga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 Italiyaga 1,5:2,5 hisobida mag‘lub bo‘ldi: yagona g‘alabani Ozoda Shahzodova qo‘lga kiritdi, Barchinoy Shokirjonova durang qayd etdi, Zilola Aktamova va Maftuna Bobomurodova mag‘lub bo‘ldi.

Boshqa muhim natijalardan: Xitoy Armanistonni 3:1, Fransiya Serbiyani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi, Qozog‘iston — Mo‘g‘uliston hamda Gruziya — Gretsiya uchrashuvlari esa 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

City Chess`ning qayd etishicha, to‘qqiz turdan so‘ng O‘zbekistonning bir necha shaxmatchisi o‘z doskalari bo‘yicha individual ko‘rsatkichlarda yetakchilar safidan joy olgan. Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov to‘qqizta partiyadan keyin 2880 performans-reytingi bilan 1-o‘rinni band etib turibdi. Uchinchi doskada sakkiz uchrashuv yakunlariga ko‘ra 2822 performansga ega Nodirbek Yoqubboyev peshqadamlik qilmoqda. Javohir Sindarov esa 2792 performans bilan ikkinchi doska vakillari orasida uchinchi pog‘onada. Zaxira ishtirokchilari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Asrorbek Omonovga tegishli — 2976, ammo u hozircha yettita o‘yin o‘tkazdi. Medallar uchun yakuniy hisob-kitobga kirish maqsadida kamida sakkizta partiya o‘ynash talab etiladi; shu bois Omonov ushbu shartni bajarishi uchun yana bir bor doska qarshisiga o‘tirishi kerak.

Ayollar turnirida Afruza Hamdamova birinchi doskadagi shaxmatchilar orasida ikkinchi o‘rinda ketmoqda. Uning sakkiz turdan keyingi performansi 2559 ni tashkil etadi, undan yuqori ko‘rsatkich faqat xitoylik Chju Szinerda bor — 2645. Olimpiadada shaxsiy medallar turnir performansi — ya’ni o‘yinchi qayd etgan natijalar va raqiblar saviyasi hisobga olingan reytingi bo‘yicha taqsimlanadi. Ilgari to‘plangan ochkolarning foiz ko‘rsatkichi asosiy mezon bo‘lgan edi. Ro‘yxatga kirish uchun shaxmatchi kamida sakkizta bahs o‘tkazishi lozim.

Olimpiada yakuniga ikki tur qoldi. Musobaqa shveysarcha tizimda 11 tur davomida o‘tkazilmoqda. Jamoaviy g‘alaba uchun ikki ochko, durang uchun bir ochko beriladi. Ochiq turnirning 10-turida to‘qqiz turdan keyin 16 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turgan O‘zbekiston asosiy jamoasi 15 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egallab turgan Armanistonga qarshi bahs olib boradi. 15 ochko bilan uchinchi pog‘onada borayotgan O‘zbekiston-2 jamoasi xuddi shuncha ochko bilan ikkinchi o‘rindagi Hindiston bilan kuch sinashadi. O‘zbekiston-3 esa Isroil bilan to‘qnash keladi: tur oldidan o‘zbek shaxmatchilari 11 ochko bilan 53-o‘rinda, raqib esa 10 ochko bilan 45-o‘rinda joylashgan. 10-turning boshqa markaziy uchrashuvlari orasida Ukraina — Xitoy, Germaniya — Fransiya, Vengriya — Ispaniya va Gretsiya — AQSh to‘qnashuvlari bor.

Ayollar musobaqasida 13 ochko bilan 15-o‘rinda borayotgan O‘zbekiston asosiy terma jamoasi xuddi shuncha ochkoga ega Peru jamoasiga qarshi bahs olib boradi. O‘zbekiston-2 Shvetsiya bilan, O‘zbekiston-3 esa Keniya bilan kuch sinashadi. Ayollar o‘rtasidagi bahslarning bosh to‘qnashuvi yetakchilar — Xitoy va Hindiston o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Qozog‘iston Fransiya bilan, Mo‘g‘uliston Polsha bilan, Gretsiya esa Armaniston bilan kurash olib boradi.

Source: www.gazeta.uz