Toshkentda ilgari vazirlik va idoralarga tegishli bo'lgan 7 ta ma'muriy bino umumiy qiymati 868,8 milliard so'mga sotildi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.
Sotilgan obyektlar qatoridan Transport vazirligi, Sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi, Turizm qo'mitasi huzuridagi "Turistlarga xizmat ko'rsatish markazi" DUK, Avtomobil yo'llari qo'mitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo'mitasi hamda Davlat xizmatlari agentligi binolari o'rin olgan. Yana 11 ta obyekt 1095,8 milliard so'm boshlang'ich narxda savdoga qo'yilgan, 20 ta obyekt bo'yicha esa sotishdan oldingi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ayni damda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Bandlik va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Suv xo'jaligi vazirligi va ularga bo'ysunuvchi tashkilotlarning binolari bo'yicha savdolar davom etmoqda.
Ko'chmas mulkni realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-martdagi 146-son qarori doirasida amalga oshirilmoqda. Hujjat 150 ta davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarni Yangi Toshkent hududiga ko'chirish, shuningdek, poytaxtdagi 83 ta ko'chmas mulk obyektini ochiq savdolarda sotish yoki ijaraga berishni nazarda tutadi. Hozirgi kunga qadar jarayon rejalashtirilgan obyektlarning yarmidan ko'pini qamrab oldi: yetti bino yangi egalariga o'tdi, yana 31 obyekt turli bosqichlarda tayyorlanmoqda va sotilmoqda.
Source: podrobno.uz