️ O‘zbekistonda o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida xavfli yuklarni tushirish joylari bilan turar joylar o‘rtasidagi kamida 125 metrlik masofa talabiga javob bermaydigan 628 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi aniqlandi. Sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida deputatlar ushbu me’yorni buzganlik uchun alohida sanksiyani korrupsiyaviy xavflar hamda shoxobchalar faoliyati asossiz to‘xtatilishi ehtimolini inobatga olib chiqarib tashlashga qaror qilishdi.
️ Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farhod Zayniyev ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, alohida normaning loyihadan chiqarilishi xavfsizlik talablarini buzganlik uchun javobgarlik umuman bekor qilinishini anglatmaydi, chunki bunday holatlar xavfli yuklarni tashish qoidalarini buzganlik uchun umumiy norma doirasida tartibga solinadi.
️ Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan umummilliy xatlov davomida jami 6196 ta shoxobcha qamrab olinib, 46 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlangan. Xavfsizlikni ta’minlash va kelgusida fojialarning oldini olish maqsadida talablarga javob bermaydigan obyektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish choralari ko‘rilmoqda, biroq mavjud jarayonlar va shoxobchalarning aniq joylashuvi bo‘yicha to‘liq tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan.
Source: www.gazeta.uz