Namangan shahrida Xalq qabulxonasi bosh mutaxassisi vazifasini bajaruvchi X.D. 1500 dollar pora olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Tezkor tadbir departamentning Namangan shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan. X.D. Yangi Namangan tumani hududidagi 4 sotix yer maydonini fuqaro X.O.ga uy-joy qurish uchun ajratib, hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga xizmat xonasida 1500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, X.D. muqaddam sudlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq DXX Buxoro va Qashqadaryoda yer maydonlari hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga pora olganlikda gumonlanayotgan ikki mansabdor ushlanganini ma’lum qilgan edi. Ulardan biri 2,5 ming, ikkinchisi esa 1 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Source: www.gazeta.uz