Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 1-mart kuni Yaqin Sharq mamlakatlaridagi hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qildi. U mintaqadagi vaziyatni muhokama qilib, prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlash va birdamlik so‘zlarini yetkazdi.

Suhbatlarda davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, shuningdek, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash uchun barcha masalalarni tinch, siyosiy-diplomatik vositalar orqali hal etish zarurligi ta’kidlandi.

Saidov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan ham suhbatlashdi. Ular davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, xalqaro huquqqa rioya etish va keskinliklarni muloqot orqali hal etishda bir xil pozitsiyada ekanliklarini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Isroilning Eronga hujumlari hamda Eronning javob zarbalari ortidan Yaqin Sharqdagi vaziyatning yomonlashgani munosabati bilan “jiddiy xavotir” bildirgandi. Vazirlik tomonlarni harbiy-siyosiy va gumanitar oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan keskinlashuvdan tiyilishga chaqirdi.

O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash tarafdori ekanligini va vaziyatning tezroq normallashishiga umid qilishini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz