️ Fargʻona shahridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida sodir boʻlgan mudhish voqea yuzasidan sud jarayonlari davom etmoqda. Eslatib oʻtamiz, 6 yoshli bola yer ostiga oʻrnatilgan va xavfsizlik qoidalariga mutlaqo zid ravishda ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga tushib ketib, ogʻir tan jarohatlari olgan edi. Dastlabki sud qaroriga koʻra, bogʻcha tarbiyachisi, qurilish tashkiloti vakili va tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimi aybdor deb topilib, ularga tegishli jazolar tayinlangan edi.
️ Biroq jabrlanuvchi tomonning qatʼiy eʼtiozlari va apellyatsiya instansiyasi tekshiruvlaridan soʻng ishda yangi tafsilotlar yuzaga chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, apellyatsiya sudi bevosita masʼuliyatni suiisteʼmol qilgan boshqa shaxslarga, jumladan, bogʻcha mudiri, pudratchi MCHJ rahbari hamda elektr taʼminoti korxonasining yuqoriroq lavozimdagi mansabdor shaxslariga nisbatan ham jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini koʻrib chiqish uchun Fargʻona shahar prokuroriga maxsus ajrim kiritgan.
️ Sud hukmiga binoan, aybdor deb topilgan shaxslardan jabrlanuvchining otasi foydasiga 45 million soʻm miqdorida maʼnaviy zarar undirish belgilangan boʻlsa-da, ota bu qarordan qoniqish hosil qilmagan. Uning taʼkidlashicha, farzandida ogʻir kuyish asoratlari saqlanib qolmoqda, masʼullar esa masʼuliyatdan qochishga urinmoqda. Ayni paytda jabrlanuvchining otasi tomonidan taftish tartibida shikoyat kiritilgan boʻlib, mazkur sud jarayonida tayinlangan jazo choralari hamda undirilishi lozim boʻlgan tovon puli miqdori qayta koʻrib chiqilishi kutilmoqda.
Source: kun.uz