Joriy yilning yanvar-iyun oylarida Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal ish haqi 18,4 foizga oʻsib, 7,1 million soʻmni tashkil qildi. Mamlakatimiz Markaziy bankining mehnat bozori boʻyicha eʼlon qilgan II chorak sharhida qayd etilishicha, inflyatsiya omillari hisobga olinganda ham aholining real daromadlari va ish haqi 10,9 foizga koʻpaygani kuzatilgan.
Tarmoqlar kesimidagi tahlillar mamlakatda daromadlar tengsizligi saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, eng yuqori oʻrtacha oylik maoshlar anʼanaviy tarzda moliya va sugʻurta faoliyati sohasiga toʻgʻri kelib, 19,1 million soʻmni tashkil etgan. Shuningdek, axborot texnologiyalari va kommunikatsiya xizmatlari yoʻnalishida ham koʻrsatkichlar yuqori boʻlib, bu yerda xodimlar oʻrtacha 17,4 million soʻm maosh olishmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida vaziyat unchalik quvonchli emas. Qishloq xoʻjaligi hamda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasi xodimlari eng kam maosh oluvchilar qatorida qolmoqda. Xususan, qishloq xoʻjaligida oʻrtacha ish haqi atigi 3,5 million soʻmni, ijtimoiy sohada esa 4,7 million soʻmni tashkil etgan. Natijada, moliya sektori koʻrsatkichlari qishloq xoʻjaligidagidan qariyb 5,5 barobar yuqori ekani maʼlum boʻldi.
Shunga qaramamay, ayrim sohalarda ish haqi oʻsish surʼatlari yuqori ekani eʼtiborga loyiq. Jumladan, transport va logistika sohasida daromadlar 22,8 foizga, ijtimoiy xizmatlarda 20,2 foizga, qurilish tarmogʻida esa 19,9 foizga oshgan. Hududiy kesimda esa deyarli barcha hududlarda ijobiy oʻsish kuzatilgan boʻlib, faqatgina Andijon viloyatida real ish haqining oʻsishi 8 foizdan pastroq boʻlgan, Jizzax viloyatida esa bu koʻrsatkich 13,3 foizni tashkil etgan.
Source: kun.uz