Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida qarovsiz hayvonlarni tutish bilan shug'ullanuvchi xodimlar go'yo ularni maxsus boshpanaga yetkazmasdan, yo'lning o'zida yo'q qilish haqida buyruq olgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va jamoatchilik orasida jiddiy e'tirozlarga sabab bo'ldi. Tarqalgan tasvirlardagi xodimlarning ta'kidlashicha, ularga go'yoki shahar rahbariyati tomonidan tutqundagi hayvonlarni o'ldirish to'g'risida og'zaki ko'rsatma berilgan. Shuningdek, mazkur shartlarga rozi bo'lmagan xodimlarga o'z xohishi bilan ishdan bo'shash tavsiya qilingani ham aytilmoqda. Hozircha bu ma'lumotlarning rasmiy tasdig'i mavjud emas.
Ushbu holat yuzasidan shahar faollari va hayvonlarni muhofaza qilish tashkilotlari vakillari darhol munosabat bildirib, Nurafshon hokimiyatidan zudlik bilan tushuntirish berishni talab qilishdi. Ular bunday qonunga xilof buyruq mavjudligi, uni kim bergani hamda davlat tomonidan ushbu yo'nalishda ajratilayotgan mablag'lar va topshirilgan jonivorlar qanday hisob-kitob qilinayotganini ochiqlashni so'rashmoqda. Faollar, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan hayvonlar boshpanaga yetib borguniga qadar o'ldirilgan yoki o'ldirilmaganini, agar shunday holatlar sodir bo'lgan bo'lsa, ularning aniq sonini qат'iy tekshiruvdan o'tkazishni talab qilmoqdalar.
Eslatib o'tamiz, bu O'zbekistonda qarovsiz hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lish bilan bog'liq ilk holat emas. Avvalroq poytaxtning "Yunusobod Siti" hududida ham itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lingani haqida xabarlar tarqalib, jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo'lgan edi. Oshkoralikdan so'ng Toshkent shahri rasmiylari vaziyatga aralashishga majbur bo'lib, omon qolgan 20 ga yaqin jonivor "Hayot" nomli xususiy boshpanaga topshirilgan edi. Biroq tizimli muammolar va mas'ullarning nazoratsizligi hayvonlarni himoya qilish borasidagi ishlarda jiddiy kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko'rsatmoqda.
Source: podrobno.uz