Xalqaro miqyosdagi yirik sanoat tadbirlaridan biri bo'lgan ALUMINIUM Global Exhibition maydonchasi alyuminiy mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, uskunalar yetkazib beruvchilar hamda soha mutaxassislarini o'z atrofida birlashtirdi. Ushbu nufuzli tadbirda O'zbekiston nomidan ishtirok etayotgan BENKAM kompaniyasi o'zining so'nggi ishlanmalari va ilg'or yechimlarini taqdim etmoqda.
Korxona vakillarining ta'kidlashicha, stendda qurilish sohasi, quyosh energetikasi hamda transport sektori uchun mo'ljallangan zamonaviy alyuminiy profillari va butlovchi qismlari namoyish qilinmoqda. Mazkur ekspozitsiya xalqaro jamoatchilikni O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yuqori texnologik mahsulotlar bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda.
Ko'rgazmaning ilk kuniyoq BENKAM stendi xorijiy hamkorlar va tashrif buyuruvchilarning katta e'tiborini tortdi. Mutaxassislar tomonidan bir qator amaliy muzokaralar o'tkazilib, kelgusidagi hamkorlik yo'nalishlari muhokama qilindi. Tadbir davomida O'zbekistonda yaratilgan sanoat imkoniyatlari xalqaro bozorlarga faol tanishtirilmoqda.
E'tiborli jihati, mazkur ishtirok "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi mahsulotlarning Yevropa va Shimoliy Amerika bozorlariga eksport hajmini oshirishga zamin yaratishi kutilmoqda. Navoiy erkin iqtisodiy zonasida joylashgan korxona Markaziy Osiyoda yetakchi o'rinlardan birini egallab, to'liq ishlab chiqarish sikliga ega ekanligi bilan ajralib turadi.
Source: uznews.uz