Farg‘ona shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi hamda ikki davlat hududlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchilik qilgan bo‘lsa, Rossiya delegatsiyasiga hukumat raisi birinchi o‘rinbosari Denis Manturov rahbarlik qildi. Yig‘ilish davomida tomonlar joriy yilning dastlabki sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi 10 foizga oshganini qayd etib, kelgusida tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish maqsadiga erishish yo‘llarini ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalar chog‘ida 2026-yilda kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va metallga ishlov berish tarmoqlarida umumiy qiymati 350 million dollarlik 17 ta qo‘shma loyihani ishga tushirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasini qurish loyihasi va energetika sohasidagi boshqa tashabbuslar ham e’tibor markazida bo‘ldi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha hukumatlararo komissiya bayonnomasi hamda 2026–2040-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnologik rivojlanish strategiyasi imzolandi. Shuningdek, hududlararo hamkorlik doirasida qator yangi kelishuvlar, shu jumladan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Wildberries marketpleysi tomonidan yirik logistika majmuasini barpo etish bo‘yicha investitsiya bitimi tuzildi.
Source: www.gazeta.uz