Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turizm qoʻmitasi tomonidan xorijiy davlatlarda oʻzbekona oshxonalar va restoranlar tarmogʻini kengaytirishga qaratilgan navbatdagi tashabbus yoʻlga qoʻyildi. Unga koʻra, chet elda oʻzbek milliy restoranini ochayotgan yoki tashkil etgan mahalliy tadbirkorlarga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplab berish mexanizmi joriy etildi.

Mazkur xizmat my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mutlaqo bepul koʻrsatilishi belgilangan. Oʻzbekistonda rasmiy roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlar xorijda milliy restoran tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan umumiy xarajatlarining 50 foizigacha boʻlgan qismini subsidiya shaklida davlat budjetidan qaytarib olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Subsidiya mablagʻlarini qoʻlga kiritish uchun tadbirkorlar bir qator muhim hujjatlarni taqdim etishlari talab etiladi. Jumladan, restoranning xorijda rasman roʻyxatdan oʻtgani, bino uchun egalik yoki ijara huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, mahalliy sanitariya va yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqlik sertifikatlari taqdim qilinishi shart.

Shuningdek, amalga oshirilgan moliyaviy xarajatlar, Oʻzbekistondan zarur mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnomalar hamda muassasaning ichki va tashqi koʻrinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ilova qilinishi lozim. Barcha hujjatlar belgilangan tartibda oʻrganib chiqilib, kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etib qayta topshirish imkoniyati yaratilgan.

Qayd etilishicha, my.gov.uz portali orqali kelib tushgan arizalar 18 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi. Agar arizalar boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinsa, ajratilgan subsidiyalar 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvaragʻiga toʻliq oʻtkazib berilishi taʼminlanadi.

Source: kun.uz