Oʻzbekistondagi ayrim mobil aloqa operatorlari yaqin kunlarda tarif rejalaridagi narxlarni oshirishi haqida eʼlon qildi. Ushbu qaror ijtimoiy tarmoqlarda va jamoatchilik orasida keng muhokamalarga hamda isteʼmolchilarning ommaviy eʼtirozlariga sabab boʻldi. Mazkur holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi zudlik bilan oʻrganish ishlarini boshlaganini maʼlum qildi.
Qoʻmita bayonotida qayd etilishicha, abonentlarga taqdim etilayotgan internet-trafik hajmi oshirilgan boʻlsa-da, aloqa sifatining pastligi sababli isteʼmolchilar undan toʻliq foydalana olmayapti. Shu bilan birga, oy davomida sarflanmay qolgan megabaytlar keyingi oyga oʻtkazilmay kuyib ketishi, narxlarning koʻtarilishi esa amalda berilayotgan xizmat hajmiga nomutanosib ekanligi jiddiy eʼtirozlarni keltirib chiqarmoqda.
Nazorat organi ayni paytda narxlar oshirilishining qanchalik iqtisodiy asosga ega ekanini tekshirmoqda. Agar oʻrganishlar davomida mobil operatorlar tomonidan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid yoki isteʼmolchilar huquqlarini cheklovchi xatti-harakatlar aniqlansa, qatʼiy tartibda maxsus tekshiruv oʻtkaziladi hamda amaldagi qonunchilik doirasida tegishli jazo choralari koʻriladi.
Shuningdek, idora soʻnggi yillarda aloqa sohasida isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, Beeline kompaniyasida hisobda mablagʻ yetarli boʻlmaganda mijozni ogohlantirmasdan kunlik tarifga oʻtkazish amaliyoti bekor qilingan, davlat idoralarining 100 dan ortiq ishonch telefonlariga qoʻngʻiroqlar bepul qilingan. Mobiuz kompaniyasida tarif oʻzgartirishdagi texnik cheklovlar bartaraf etilgan boʻlsa, Ucell ommaviy ofertasiga mijozlarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplash majburiyati kiritilgan.
Source: kun.uz