Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston Transport vazirligi Rossiyaning Moskva shahridan Toshkentga avtobus orqali qaytishni rejalashtirayotgan fuqarolarni ogohlikka chaqirdi. Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va turli platformalarda fuqarolarning aldov qurboni boʻlayotgani haqida koʻplab shikoyatlar kelib tushmoqda.

Maʼlum qilinishicha, firibgarlar «Uzautotrans Service» davlat kompaniyasining brendi hamda foto va videolaridan oʻzlarining yovuz maqsadlarida foydalanmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlar va YouTube kanallari orqali goʻyoki davlat avtobuslariga chiptalar sotish haqida soxta eʼlonlar tarqatib, yoʻlovchilarni chalgʻitib kelmoqda.

Firibgarlar kassalarda chipta qolmagani haqida yolgʻon maʼlumot berib, xaridorlarni oʻzlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri qimmat narxlarda chipta sotib olishga majburlashmoqda. Natijada fuqarolar rasmiy narxdan bir necha barobar qimmat pul toʻlab, oxir-oqibat noqonuniy va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transport vositalariga chiqarib yuborilmoqda.

Transport vazirligi rasmiy qatnovlar faqatgina Moskvadagi «Novoyasenevskaya» va «Kotelniki» avtostansiyalaridan dushanba hamda payshanba kunlari amalga oshirilishini eslatdi. Chiptalarni faqatgina rasmiy kassalar, shuningdek, avtostansiyalarning tegishli mobil ilovalari va rasmiy veb-saytlari orqali xarid qilish tavsiya etiladi.

Source: kun.uz