10−11-oktabr kunlari poytaxtdagi “Turkiston” san’at saroyi an’anaviy Sublimation Festival elektron musiqa festivaliga mezbonlik qilmoqda. Joriy yilda tashkilotchilar tomoshabinlarni faol ravishda multijanr formatga o‘tkazib, reyv doirasidan chiqishga harakat qilmoqda. Shuningdek, tadbirni yoritish uchun The Weeknd va Drake kabi jahon yulduzlari bilan ishlagan taniqli Sila Sveta multimedia jamoasi jalb etilgani e’tiborga molikdir.
Festival qatnashchilari orasida muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan xonanda Laylo Rixsiyeva ham bor. Yaqinda Qozog‘iston, Germaniya va Angliyada muvaffaqiyatli gastrol safarlarini uyustirgan artist uyga qaytgach, nukta musiqiy kanali muallifi Georgiy Shvanovga bergan intervyusida soha insaytlari va xorijiy sahnalardagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin shahriga Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magidagi Pop-Kultur festivali tomonidan maxsus taklif qilingan.
London safari esa Viktoriya va Albert muzeyining mashhur Friday Late dasturi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, bu tashabbus O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan moliyalashtirildi. Xonandaning e’tirof etishicha, uning albomida ko‘tarilgan uzviylik va meros mavzulari muzey muhitiga juda mos tushgan. Laylo xorijiy bozorga chiqishni istagan yosh ijodkorlarga faqat strimlar yoki yirik maydonlarga intilmasdan, avvalo o‘z konsepsiyasi va chuqur mazmun ustida ishlashni maslahat berdi.
Shuningdek, u Qozog‘istondagi Batyr Lab rezidensiyasida qatnashgani, u yerdagi sog‘lom muhit va murabbiylarning artist pozitsiyasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lgani uni hayratda qoldirganini ta’kidladi. O‘zbekistonda esa aksincha, san’atga aloqasi bo‘lmagan shaxslar ham ijodiy jarayonga aralashib, o‘z shartlarini qo‘yishga urinishini afsus bilan qayd etdi.
Sun’iy intellekt texnologiyalariga to‘xtalib o‘tar ekan, xonanda SI asarlar yaratish jarayonidagi zavqni yo‘q qilishini, biroq tovushlarni ajratish kabi zerikarli texnik vazifalarda undan yordamchi sifatida foydalanish mumkinligini bildirdi. Ayni paytda elektron musiqadan ko‘ra jonli ijroga ko‘proq e’tibor qaratayotganini aytgan Laylo Rixsiyeva torli cholg‘ular va fleyta bilan birgalikda noyob konsert dasturini tayyorlayotganini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz