Yakshanba kuni ertalab O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan Yandex Go xizmatining ishlashida bir necha soat davom etgan keng ko‘lamli uzilishlar yuzaga keldi. Foydalanuvchilar taksi buyurtma qilish jarayonida narxlarni ko‘ra olmadi va buyurtmalarni rasmiylashtirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Shuningdek, ilovaning “Jamoat transporti” bo‘limida ham avtobuslar harakati to‘liq ko‘rsatilmay qo‘ydi.
Yuzaga kelgan nosozliklar nafaqat oddiy yo‘lovchilarga, balki kunlik daromadga tayanayotgan haydovchilar hamda yetkazib berish xizmati kurerlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pchilik xizmatning ishonchliligi borasida haqli e’tirozlarini bildira boshladi.
Yandex Uzbekistan matbuot xizmatining iddao qilishicha, yuzaga kelgan texnik xatoliklar transchegaraviy infratuzilmaning o‘zaro bog‘liqligi bilan izohlanadi. Kompaniyaning go‘yo ta’kidlashicha, turli mamlakatlardagi serverlar bir-biriga bog‘langan bo‘lib, infratuzilma elementlaridan birining shikastlanishi butun tizim faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan.
E’tiborlisi, shunga o‘xshash holatlar qo‘shni davlatlarda ham kuzatilgan bo‘lib, Rossiya hududidagi ma’lumotlar markazlariga qilingan dron hujumlari ortidan yuzaga kelgan avariyaviy holatlar mintaqaviy xizmatlar barqarorligiga putur yetkazmoqda. Mutaxassislar bunday qaramlik raqamli xavfsizlik va barqarorlik borasida jiddiy savollar tug‘dirishini ta’kidlamoqda.
Source: www.gazeta.uz