O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda amalga oshirilayotgan eng yirik shaharsozlik tashabbuslaridan biri – Yangi Toshkent qurilishi doirasida tashkil etilgan tantanali marosimda ishtirok etdi. Ushbu keng ko'lamli loyiha mamlakat tarixidagi eng yirik infratuzilma tashabbusi sifatida e'tirof etilib, uch yil avval uning poydevori qo'yilgan edi. Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko'ra, zamonaviy texnologik yechimlar asosida ishlab chiqilgan xavfsiz va ekologik shahar konsepsiyasi doirasida dastlabki bosqichda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.
Loyihaning bosh rejasiga muvofiq, yangi shaharda 2 ming gektar yashil hududlar hamda 500 gektar parklar barpo etilishi rejalashtirilgan. Yashil qurilish standartlari asosida esa jami 150 million kvadrat metr turar-joy va noturar joy obyektlari bunyod etiladi. O'tgan davr mobaynida Yangi Toshkent hududida 2 milliard dollarlik ishlar bajarilib, bir qancha ta'lim dargohlari, turar-joylar, kutubxona va amfiteatrlar foydalanishga topshirilgan bo'lsa, bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik yana yettita muhim obyekt ish boshladi.
Jumladan, xorijiy kompaniyalar ishtirokidagi yirik infratuzilma loyihalari qatorida Turkiyaning «MIMSAN» kompaniyasi tomonidan 73 million dollar investitsiya evaziga barpo etilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 mingta xonadonni markazlashtirilgan issiqlik va sovuqlik bilan ta'minlash hamda bir vaqtning o'zida elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, Xitoyning «Haocheng Industry Group Limited» kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 95 million dollarlik №1-sonli podstansiya hamda yuqori voltli elektr uzatish tarmoqlari qurib bitkazildi.
Marosim doirasida shuningdek, xorijiy hamkorlar, jumladan Xitoy, Turkiya va BAA sarmoyadorlari ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik yana o'nta yirik loyihaning tameli qo'yildi. Ular orasida yuqori texnologiyali mahsulotlar va yarimo'tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Deep Tech Park» sanoat zonasi ham mavjud bo'lib, uning dastlabki bosqichiga 320 million dollar yo'naltirilishi ko'zda tutilgan. Shuningdek, fin kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni yig'ish va ulardan yashil energiya olish loyihasi amalga oshirilishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz