Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yirik miqdordagi firibgarlik va poraxo‘rlik holatiga chek qo‘yildi. Ichki ishlar vazirligi xodimlarining tezkor tadbiri davomida fuqarodan 840 ming dollar talab qilgan shaxs ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda huquq-tartibot idoralari ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Xorazm viloyatida tug‘ilgan va qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta korxonalarga rahbarlik qiluvchi 56 yoshli tadbirkor o‘zining qing‘ir rejalari uchun jabrlanuvchining ishonchiga kirgan. U Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 9 gektarlik noturar obyektning 4 gektarida turar joy binolarini qurish uchun barcha zarur hujjatlarni go‘yoki qonuniy rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Tergovaoldi surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi Davlat kadastri agentligida yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ruxsatnoma olib berishini vaj qilib, fuqarodan dastlab 100 ming dollar, shundan so‘ng yana 740 ming dollar, ya’ni umumiy hisobda 840 ming AQSh dollari talab qilgan. Jabrlanuvchining murojaatidan so‘ng Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan maxsus tezkor tadbir tashkil etilgan.

O‘tkazilgan tadbir davomida gumonlanuvchi Yunusobod tumanidagi restoranlarning birida talab qilingan mablag‘ning 100 ming dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari, jumladan, juda ko‘p miqdorda firibgarlik va pora berishda ishtirokchilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz