Markazida atmosfera bosimi 1030 gPa gacha ko‘tariluvchi kuchli antitsiklon O‘zbekiston hududida joriy hafta ob-havo sharoitlarini belgilab berishi kutilmoqda. Sinoptiklarning ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni mamlakatning ko‘plab hududlarida, seshanba kuni esa asosan Farg‘ona vodiysi viloyatlari, tog‘li hududlar va Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Shu bilan birga, hafta boshidagi salqin havo oqimi asta-sekin chekinib, haftaning qolgan kunlari asosan quruq va tinch o‘tishi taxmin qilinmoqda.
“O‘zgidromet” agentligi va xorijiy ob-havo markazlarining prognozlariga ko‘ra, dam olish kunlariga borib havo harorati sezilarli darajada ko‘tariladi. Respublika bo‘ylab kunduz kunlari termometr ustuni +20…+25 darajagacha, janubiy va shimoliy hududlarda esa hatto +25…+30 darajagacha iliq bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birге, tunlari harorat +8…+10 daraja atrofida bo‘lsa, tog‘li hududlarda nol darajagacha sovuq kuzatilishi mumkin. 12-14-oktabr kunlari tong paytida ayrim hududlarda tuman tushish hodisalari ham qayd etilishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar ob-havoning keskin o‘zgarishi va yuqori atmosfera bosimi fonida aholi salomatligiga e’tibor qaratish lozimligini eslatishmoqda. Xususan, 1030 gPa gacha ko‘tariluvchi antitsiklon qon bosimi muammosi bo‘lgan kishilarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, havo bosimining o‘zgarishi organizmning himoya funksiyalarini pasaytirishi mumkin. Shu munosabat bilan shifokorlar jismoniy yuklamalarni kamaytirish, ko‘proq dam olish va kaliyga boy mahsulotlarni iste’mol qilishni tavsiya etadilar.
Bundan tashqari, hafta boshida antitsiklon ta’sirida shamolning susayishi va atmosferaning turg‘unlashishi Toshkent shahri hamda vodiy viloyatlarida havo sifatining vaqtincha yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun havodagi mayda chang zarrachalari miqdori ortgan paytlarda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining tavsiyalariga amal qilish muhim sanaladi. Umuman olganda, joriy hafta oktabr oyi iqlimiy me’yorlariga nisbatan bir oz iliq kelishi va qulay ob-havo sharoitini taqdim etishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz